February 25

Ichki salohiyat — real natija: metrologiya va elektr ta’minotida katta iqtisodiy samara

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi tomonidan e’lon qilingan “Dolzarb 100 kunlik” doirasida sohada ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, xarajatlarni qisqartirish va ichki imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda metrologik qiyoslov va elektrotexnika laboratoriyalarini rivojlantirish orqali sezilarli natijalarga erishish bo‘yicha qadamlar tashlandi.

Ma’lumki, neft-gaz sohasida ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi va energiya resurslarini aniq hisobga olishda nazorat-o‘lchov vositalarining metrologik ishonchliligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Ayni vaqtgacha Muborak, Gazli va Ustyurt boshqarmalarida ushbu xizmatlar pudrat tashkilotlari orqali amalga oshirilib, yiliga 7,1 mlrd so‘m xarajat talab etar edi.

“Dolzarb 100 kunlik” doirasida ushbu boshqarmalarda metrologik laboratoriyalar tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu xarajatlarni to‘liq ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash orqali yiliga qo‘shimcha 7,1 mlrd so‘m iqtisod qilish hamda tashqi va qo‘shma korxonalarga pullik xizmat ko‘rsatish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoni yaraladi.

Ishlab chiqarish obyektlarida elektr uskunalarining barqaror ishlashi texnologik jarayonlar uzluksizligining asosiy sharti hisoblanadi. Shu maqsadda jamiyat korxonalarida ichki elektrotexnika laboratoriyalarini tashkil etish ishlari jadallashtirildi.

Hozirgi kunda Muborak, Sho‘rtan, Gazli, Ustyurt boshqarmalari, Muborak gazni qayta ishlash zavodida ushbu turdagi laboratoriyalar joriy etilmoqda va rivojlantirilmoqda.

2025-yilda ushbu xizmatlar pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilib, 126 nafar xodim jalb etilgan va 18,4 mlrd so‘m xarajat qilingan. Endilikda esa mazkur ishlar 65 nafar malakali mutaxassis tomonidan ichki resurslar orqali bajariladi. Natijada dastlabki yilda 6,4 mlrd so‘m, keyingi yildan boshlab 11,9 mlrd so‘m iqtisod qilinishi ta’minlanadi.

Metrologiya va Elektr ta’minoti sohasidagi mazkur chora-tadbirlar ishlab chiqarish barqarorligini mustahkamlash, operatsion samaradorlikni oshirish, jamiyatning moliyaviy barqarorligiga qo‘shimcha hissa qo‘shadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati