Yarim yilda 5,7 ming tonnadan ortiq sanoat chiqindisi qayta foydalanishga yo‘naltirildi
“O‘zbekneftgaz” AJda ishlab chiqarish chiqindilarini atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda samarali boshqarish va ulardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida jamiyat tizimida hosil bo‘lgan 5 687,24 tonna sanoat chiqindisi qayta ishlash va ikkilamchi foydalanish maqsadida shartnomalar asosida realizatsiya qilinib, 8,4 mlrd so‘mdan ortiq iqtisodiy samaraga erishildi.
Bu yo‘nalishda eng yuqori natija Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan qayd etildi. Korxonada 1 090,7 tonna sanoat chiqindisi qurilish va xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida topshirilib, 4,8 mlrd so‘mlik iqtisodiy samara ta’minlandi.
• Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan 167,94 tonna sanoat chiqindisi qayta foydalanishga yo‘naltirilib, 349,2 mln so‘mlik;
• Muborak gazni qayta ishlash zavodida 556,99 tonna chiqindi realizatsiya qilinib, 1 mlrd so‘mdan ortiq iqtisodiy samaraga erishildi;
Chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda foydalanish nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki ularni chiqindixonalarga joylashtirish hajmini kamaytiradi, atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini oladi va ularni joylashtirish uchun to‘lanadigan kompensatsiya xarajatlarini qisqartiradi.
“O‘zbekneftgaz” AJda ishlab chiqarish chiqindilarini resurs sifatida baholash, ularni qayta ishlashga yo‘naltirish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.