Ishchi-xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar tanqidiy o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqarish obyektlaridagi mavjud holatni o‘rganish hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida navbatdagi o‘rganish ishlari olib borildi.
Birlashgan kasaba uyushmasi raisi hamda Boshqaruv raisi maslahatchilaridan iborat Ishchi guruh Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, O‘rtabuloq va Dengizko‘li konlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, ishchi-xodimlarning mehnat va yashash sharoitlari, yotoqxonalar hamda ovqatlanish maskanlari holatini tanqidiy tahlil qildi.
O‘rganish davomida ayrim obyektlardagi oshxona va ayollar yotoqxonasi binolari uzoq yillardan buyon foydalanib kelinayotgani sababli ta’mirtalab holga kelgani, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermasligi qayd etildi. Shuningdek, ishchilar shaharchasidagi yotoqxonalarda videokuzatuv tizimlari mavjud emasligi hamda ayrim hududlarda mobil aloqa sifati talab darajasida emasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berilib, ishchi-xodimlarning yashash va mehnat sharoitlarini izchil yaxshilash, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha har haftalik hisobotlarni yo‘lga qo‘yish hamda topshiriqlar ijrosini doimiy nazorat qilish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, yotoqxonalarda sanitariya holatini yaxshilash, muntazam dezinfeksiya ishlarini tashkil etish, kir yuvish mashinalari va zarur vositalar bilan ta’minlash, choyshablar xaridi hamda ularning yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalari alohida muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi hamda “UNG Medline” klinikasi faoliyati o‘rganilib, kelgusidagi ishlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, ularning xavfsizligi hamda ijtimoiy himoyasini ta’minlash “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.