"O‘zbekneftgaz"ning 10 oylik faoliyati qanday bo‘ldi?
Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida Jamiyatning 2026-yil yanvar–oktyabr oylaridagi faoliyat yakunlari va yil oxiriga qadar amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, ijro intizomini mustahkamlash hamda 2027-yilga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etish joizki, o‘tgan 10 oyda Jamiyatda tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish rejasi 103,7 foizni, o‘sish sur’ati esa 107,5 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi 100 foizni, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi esa 129,5 foizni ko‘rsatdi. Shuningdek, mahsulot eksport hajmi 803,7 million dollarga yetdi va reja 146,4 foizga bajarildi. Mahsulot tannarxi 2,1 trillion so‘mga qisqartirildi, davlat budjetiga esa 7,9 trillion so‘m to‘lov amalga oshirildi. Abdug‘ani Sanginov ushbu ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etar ekan, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yil yakuniga qadar mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish muhimligini ta’kidladi.
Bu ko‘rsatkichlar ishlab chiqarish zanjirining turli bo‘g‘inlarida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi bilan bevosita bog‘liq. Xususan, suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish hajmi 1 million 16 ming tonnaga yetdi. Avtobenzin, dizel yonilg‘isi, suyultirilgan gaz, aviakerosin, oltingugurt va polietilen ishlab chiqarish bo‘yicha rejalar ortig‘i bilan bajarildi. Shu bilan birga, jamiyatning ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) bo‘yicha bahosi 50 balldan 55 ballga ko‘tarildi. Boshqaruv raisi faoliyat samaradorligini baholashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda ekologik va ijtimoiy mas’uliyat mezonlariga ham e’tiborni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Bunday natijalarni ta’minlash uchun ishlab chiqarish jarayonlaridagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimiga aniq choralar bilan yondashish talab etiladi. Shu maqsadda Muborak, Sho‘rtan, Gazli va Ustyurt neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi holat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, 459 banddan iborat chora-tadbirlar bo‘yicha qaror qabul qilingani aytib o‘tildi. Ularning amalga oshirilishi natijasida kunlik gaz qazib chiqarishni qo‘shimcha 3,4 million kub metrga oshirish ko‘zda tutilgan. Abdug‘ani Sanginov yil yakuniga qadar 22,8 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadiga erishish uchun geologik-texnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, har bir quduq imkoniyatidan samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligi faqat texnik imkoniyatlar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan cheklanmasligi, uning zamirida inson mehnati, xodimlar xavfsizligi va kundalik ish sharoiti ham turishini alohida ta’kidlandi. Yig‘ilishda ishchilar yotoqxonalari va vagon-uylarning qish mavsumiga tayyorligi, isitish tizimlari, qishki maxsus kiyim va poyabzal, issiq ovqat hamda ichimlik suvi ta’minotini joyiga chiqqan holda o‘rganib qaytgan 4 ta ishchi guruh axboroti tinglandi. Aniqlangan kamchilik va muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga zarur vazifalar yuklatildi.
Xodimlar manfaatiga qaratilgan ushbu yondashuv faqat mavjud sharoitlarni yaxshilash bilan cheklanmaydi. Yig‘ilishda 2027-yilda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, mehnat jamoalari uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi ham belgilandi. Shuningdek, idoraviy taqdirlash va rag‘batlantirish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida "Neft va gaz iftixori" ko‘krak nishoni nizomini ishlab chiqish, I.M. Gubkin nomidagi universitet filialini rivojlantirish dasturini tayyorlash yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.