September 8

Yangi ombor, baza va zamonaviy texnika: Ustyurtda katta maqsadlar uchun puxta zamin yaratilmoqda

"Oʻzbeknetgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi Ishchi guruhning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga navbatdagi safari davomida Jamiyatga qarashli Ustyurt hududida qurilayotgan muhim obyektlar holati va ularning amaliy samarasi tanqidiy-tahliliy jihatdan koʻrib chiqildi.

Xabaringiz bor, joriy yil boshida Jamiyat tizimida geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlarini kengaytirish, yangi quduqlarni oʻz vaqtida ishga tushirish orqali qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga qaratilgan katta islohotlarga start berilgan edi. Ustyurt hududidagi mazkur oʻrganishlar ana shu islohotlarning joylardagi amaliy ijrosi, yaratilayotgan infratuzilmaning real ehtiyojlarga mosligi va har bir obyektning ishlab chiqarish samaradorligiga xizmat qilish darajasini baholashga qaratilgan.

Uglevodorod zaxiralariga boy Ustyurt hududida qidiruv-burgʻilash hajmining ortishi aynan shunday zamonaviy, tejamkor va ishlab chiqarishga bevosita xizmat qiladigan infratuzilmani talab etmoqda. Shu maqsadda moddiy-texnik resurslar ombori, burgʻilash bazasi va transport taʼminotini oʻz ichiga olgan yaxlit tizim bosqichma-bosqich yaratilmoqda.

Qoʻngʻirot tumanida “UNG Burgʻilash” MCHJ uchun barpo etilayotgan yangi moddiy-texnik resurslar ombori mazkur tizimning muhim tayanch nuqtasiga aylanadi. Markazlashtirilgan ombor kengayib borayotgan burgʻilash maydonlarini zarur texnika, uskuna va quvurlar bilan uzluksiz taʼminlash, taʼminotdagi ehtimoliy uzilishlarning oldini olish imkonini beradi. Boshqaruv raisi ushbu obyekt loyihasi bilan tanishish jarayonida qurilishda belgilangan talablar toʻliq taʼminlanishi, har bir yechim amaliyotda oʻzini oqlashi va ortiqcha sarf-xarajatlarga yoʻl qoʻyilmasligi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, omborga kirish yoʻlagining haddan tashqari keng loyihalashtirilgani tanqidiy baholanib, ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻymaslik, har bir kvadrat metr va har bir soʻm aniq natijaga xizmat qilishi shartligi taʼkidlandi. Shu asosda loyihani optimallashtirish, kamxarajat va unumdor yechimlarni tanlash, qurilish muddatlarini qisqartirish hamda energiya samarador yoritish tizimlarini joriy etish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

“UNG Burgʻilash” Ustyurt filiali bazasining qurilishi ham aynan shu mezonlar asosida tahlil qilindi. Mazkur baza kelgusida burgʻilash xizmatlarini kengaytirish, moddiy resurslarni saqlash va vaxta xodimlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, obyektlar tashqi koʻrinishi yoki hajmi bilan emas, avvalo, ishlab chiqarishdagi amaliy foydasi bilan baholanishi lozimligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, kam foydalaniladigan va ortiqcha xarajat talab qiladigan mehmonxona tipidagi inshootlarni loyihadan chiqarish, asosiy eʼtiborni ishlab chiqarish jarayoniga bevosita xizmat qiladigan binolarga qaratish vazifasi belgilandi.

Ishchi safar doirasida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining transport parki ham koʻzdan kechirildi. Vaxta avtobuslari va ogʻir yoʻl sharoitida ishlaydigan xoʻjalik texnikalarining holati oʻrganilib, mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda yangi yoʻl tanlamas mashinalar xarid qilingani qayd etildi. Ushbu texnikalarning nafaqat xarid qilinishi, balki ularni qisqa muddatda ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish va samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Ishchi safar doirasidagi keyingi oʻrganishlar Moʻnoq tumanida joylashgan obyektlarda davom ettiriladi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati