May 18

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidagi ta’mirlash ishlari reja asosida davom etmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari A.Xudoyberganov boshchiligidagi ishchi guruh “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda bo‘lib, korxonada olib borilayotgan rejali joriy ta’mirlash ishlari jarayonini o‘rgandi.

Tashrif davomida ta’mirlash ishlarini xavfsiz va samarali tashkil etish, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinishi hamda ishlab chiqarish hududlarida amal qilinayotgan xavfsizlik choralarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, jalb etilgan maxsus texnikalarning texnik holati va ishlarning tasdiqlangan reja-grafik asosida olib borilishi ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, majmuaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, energiya samaradorligini oshirish hamda energiya resurslarini tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakunida mas’ul rahbar va mutaxassislarga ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish hamda ishlab chiqarish jarayonlari uzluksizligini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

“Oʻzbekneftgaz” Axborot xizmati