Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni kengaytirish
Joriy yilning 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida Farg‘ona viloyatida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati hamda mutaxassislari ishtirokida tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi tadbirkorlarning murojaatlari, taklif va muammolarini tizimli o‘rganish, ularning yechimi yuzasidan amaliy choralarni belgilash hamda biznes vakillari bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, neft-gaz sohasiga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan xarid jarayonlari, investitsiya loyihalarida mahalliylashtirish ulushini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalar ishtirokini faollashtirish borasidagi ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil boshidan buyon mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda 5 ta korxona ishtirokida umumiy qiymati 14 mlrd so‘mlik 9 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulot va xizmatlar o‘zlashtirildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida shakllantirilgan 2026-yil investitsiya loyihalari doirasida importni maqsadli qisqartirish dasturi taqdim etildi. Dasturga muvofiq, joriy yilda 36 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulot va xizmatlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish rejalashtirilgani qayd etildi.
Muloqot davomida ichki bozorda sifatli yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlash va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tashabbusi bilan neft bazalariga Respublika tovar-xom ashyo birjasining alohida savdo seksiyasida ta’minotchi sifatida ishtirok etib, kichik lotlarda dizel yoqilg‘isi sotish imkoniyati yaratildi.
Natijada joriy yilning mart–iyun oylarida mazkur savdo mexanizmi orqali 26,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi realizatsiya qilindi. Shu bilan birga, ichki bozorda GTL Euro K6 markali ekologik toza va sifatli dizel yoqilg‘isiga talab ortib bormoqda. Bugungi kunda ushbu mahsulot iste’molchilarga neft bazalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda "Uzbekistan GTL" zavodi tomonidan Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali yetkazib berilmoqda.
Hududiy neft bazalari tomonidan 25,4 ming tonna GTL Euro K6 dizel yoqilg‘isi sotildi. Mazkur ko‘rsatkich natijasida respublikadagi 14 ta hududiy neft bazasi joriy yilning birinchi yarim yilligida 5,4 mlrd so‘m foyda olishi kutilmoqda.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amaliy hal etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda mahalliy tadbirkorlarni neft-gaz sohasidagi yirik investitsiya loyihalariga keng jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.