June 5

Ilm va amaliyot integratsiyasi: qazib chiqarish barqarorligini ta’minlashning muhim omili

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida geologiya-qidiruv ishlari natijadorligi, geologik-texnik tadbirlar samaradorligi hamda tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda soha ilmiy-tadqiqot institutlari, geologlar, geofiziklar, qazib chiqarish va burg‘ilash yo‘nalishi mutaxassislari ishtirokida mavjud zaxiralardan samarali foydalanish, yangi resurslarni aniqlash hamda qazib chiqarish jarayonlarida kuzatilayotgan tabiiy o‘zgarishlarga qarshi ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda neft-gaz sohasida yuqori natijalarga erishish avvalo ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng joriy etish bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan quduqlar debitining o‘zgarishi, konlarni ishlatish samaradorligi, suvlanish jarayonlarini boshqarish, burg‘ilash va o‘zlashtirish ishlaridagi texnologik yechimlarni takomillashtirish masalalari kompleks tarzda ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish, xususan, 3D seysmik tadqiqotlar hajmini qariyb ikki barobarga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Buxoro–Xiva va Ustyurt hududlaridagi istiqbolli investitsiya bloklarida qo‘shimcha seysmik-qidiruv ishlarini tashkil etish orqali yangi resurslarni aniqlash va geologik ma’lumotlar aniqligini yanada oshirish vazifalari belgilandi.

Boshqaruv raisi yangi ochilgan konlarda quduqlar ish unumdorligini chuqur tahlil qilish, resurslar prognozining ishonchliligini oshirish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni keng qo‘llash zarurligini ta’kidladi. Bu borada soha ilmiy institutlari, geofizika tashkilotlari va xalqaro servis kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Ayni paytda geofizika sohasini modernizatsiya qilish maqsadida zamonaviy geofizik uskunalar, yuqori aniqlikdagi tadqiqot texnologiyalari, ilg‘or dasturiy ta’minotlar va yuqori hisoblash quvvatiga ega superkompyuterlarni sotib olish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa sohada ma’lumotlarni qayta ishlash sifati va tezligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mavjud mutaxassislarning bilim hamda ko‘nikmalarini muntazam oshirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Muhokamalar davomida quduqlarni burg‘ilash chuqurligi ortib borayotgan sharoitda sementlash, perforatsiyalash, filtr o‘rnatish va quduqlarni o‘zlashtirish ishlarini ilmiy asoslangan holda tashkil etish, texnologik xato va yo‘qotishlarning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Quduqlarning suvlanish jarayonlarini barvaqt aniqlash va ularning debitiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida geologiya-qidiruv ishlari sifati va samaradorligini oshirish, geologik modellarning aniqligini ta’minlash, quduqlarni joylashtirishda ilmiy yondashuvlarni kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda sohada yuqori malakali kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati