Bokuda xalqaro stajirovka: "UNG Academy" bo‘lajak o‘zbek neft treyderlarini tayyorlamoqda
“O‘zbekneftgaz” AJning inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida "UNG Academy" tomonidan xalqaro ta’lim dasturlari izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri — “Internship Program – 2026” xalqaro stajirovka dasturi Ozarbayjonning Boku shahrida "UNG Overseas" ko‘magida bo'lib o'tmoqda.
Ushbu uch haftalik dastur neft savdosi (Physical Commodity Trading) sohasida faoliyat yuritayotgan hamda ushbu yo‘nalishda o‘z kasbiy salohiyatini oshirish istagida bo‘lgan mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Dasturning asosiy maqsadi ishtirokchilarga jahon neft bozorida qo‘llaniladigan zamonaviy savdo mexanizmlari, xalqaro standartlar va amaliy jarayonlar bo‘yicha chuqur bilim hamda ko‘nikmalar berishdan iborat.
O‘quv jarayoni davomida ishtirokchilar neft treydingi va operatsion faoliyat, Incoterms qoidalari, xalqaro savdo logistikasi, neftni qayta ishlash asoslari, neft va neft mahsulotlarining sifat hamda miqdor nazorati, Trade Finance va xom neft savdosiga oid boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tajriba ham orttiradilar.
Shuningdek, dastur doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida master-klasslar, ochiq muloqotlar hamda neft-gaz sohasining muhim infratuzilma obyektlariga o‘quv tashriflari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa ishtirokchilarga sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Mazkur dasturda “O‘zbekneftgaz” tizimi korxonalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ham ishtirok etmoqda. Ular xalqaro tajriba va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish orqali mamlakatimiz neft-gaz sohasida treyding yo‘nalishini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.