1000 xil turdagi mahalliy mahsulot taqdimoti o‘tkazildi
"O‘zbekneftgaz" AJning Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida joylashgan korxona va boshqarmalarida “Carbon - polymer” MCHJ vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad neft va gaz sohasidagi uskunalar ehtiyot qismlarini mahalliy ishlab chiqarishga jalb qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish borasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.
Shu munosabat bilan ob’yektlarda mahalliy korxona tomonidan grafit, ftoroplast, tekstolit, kaprolon va rezinadan ishlab chiqarilgan 1000 xil turdagi mahsulot taqdimotlari o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, “Carbon - polymer” MCHJ 2020 yildan buyon “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda 200 xil turdagi mahsulot mahalliy korxona bazasida o‘zlashtirildi.
Uchrashuvlarda quduqlar, nasos va kompressorlarni ta’mirlash va oqova suvlarni tozalashda foydalaniladigan ehtiyot qismlarni o‘zlashtirish bo‘yicha tijorat takliflari bildirildi.
Tadbir yakunida zarur ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ikki tomonlama bayonnoma imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar muddatlari va hamkorlik masalalarini belgilab beradi.
Mazkur tadbir importni qisqatirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, bu hamkorlik ishlab chiqarish jarayonlarini yanada optimallashtirish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish imkonini taqdim etdi.