Past bosimli quduqlarda qazib olish hajmini barqarorlashtirish maqsadida AQSH bilan hamkorlik qilinadi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Saginov hamda AQSHning “Upwing Energy” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida navbatdagi onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot tomonlar o‘rtasida samarasi past bo‘lgan gaz quduqlarida qazib olish hajmlarini oshirishga qaratilgan hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi.
Ushbu onlayn muzokaralar 2026-yil 21-yanvar kuni o‘tkazilgan uchrashuvning mantiqiy davomi bo‘lib, unda AQSH kompaniyasi tomonidan samarasi past quduqlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar taqdim etilgan edi. Unda taklif etilayotgan texnik yechimlar bilan tanishilib, ularni Jamiyat konlarida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilingan.
Shundan so‘ng, hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida tomonlar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishilib, geologik-texnik ma’lumotlarni o‘rganish bo‘yicha ishchi jarayonlar boshlandi.
2026-yil 1-fevral kuni tomonlar o‘rtasida Maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanib, xorijiy tomonga texnologiyalarning samaradorligini baholash uchun zarur bo‘lgan boshlang‘ich ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu ma’lumotlar asosida amerikalik mutaxassislar tomonidan dastlabki texnik tahlil ishlari amalga oshirildi.
Bugun Boshqaruv raisi ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi onlayn uchrashuvda mazkur dastlabki tahlil natijalari muhokama qilinib, hamkorlikni amalga oshirishning keyingi qadamlari belgilab olindi.
Muloqotda mazkur uchrashuv manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, mavjud gaz quduqlaridan samarali foydalanish va tabiiy gaz qazib olish hajmlarini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.