Har bir mas’ul natija uchun javob beradi — Boshqaruv raisi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi ishchi yig‘ilish oddiy hisobot emas, balki tarmoqning bugungi sur’ati, ertangi mas’uliyati va qish mavsumi oldidagi tayyorgarligini belgilab bergan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Unda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini barqaror ta’minlash, avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 27 ta quduq bo‘yicha, xususan 11–20 avgust kunlari amalga oshiriladigan ishlar holati ko‘rib chiqildi.
Qo‘shimcha 469 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati
Dastlab joriy oyning ikkinchi o‘n kunligida burg‘ilash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan 5 ta quduqda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Mazkur quduqlar ishga tushirilishi natijasida kunlik qo‘shimcha 469 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi. Shu sabab Boshqaruv raisi har bir quduqning ishga tushish muddati, texnologik tayyorgarligi va mas’ul ijrochilar faoliyati yuzasidan alohida so‘rov o‘tkazdi.
Shuningdek, chuqur burg‘ilanayotgan quduqlardagi ishlar bosqichma-bosqich, xavfsizlik va texnologik talablarga qat’iy rioya etgan holda olib borilishi lozimligi qayd etildi. Yangi tajriba — bu mas’uliyat, ammo mas’uliyat ishlar ortga surilishiga sabab bo‘lmasligi kerakligi uqtirildi.
Muddati o‘tgan quduqlar: tartib, hisobdorlik va qonuniylik
Yig‘ilishda muddatini o‘tab bo‘lgan quduqlar bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilab berildi. Boshqaruv raisi bunday quduqlarni belgilangan tartibda likvidatsiya qilish, buning uchun maxsus komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni aniq yuritish, ilmiy-tadqiqot institutlari, geologlar va soha mutaxassislari xulosalari asosida normativ hujjatlarga muvofiq ishlarni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. “Bu ortiqcha xarajatlar va asossiz soliq yuklamalarining oldini olish, shu bilan birga, yer osti boyliklaridan foydalanishda qonuniylik va hisobdorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi” – deb ta’kidladi Boshqaruv raisi.
Xalqaro tajriba — mahalliy kadrlar uchun amaliy maktab
Xitoyning “XIBU” kompaniyasi tomonidan burg‘ilanayotgan quduqlardagi ishlar jarayoni ham alohida muhokama markazida bo‘ldi. Boshqaruv raisi chuqur burg‘ilash sohasida katta xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan hamkorlik qilish mamlakatimiz mutaxassislari uchun o‘ziga xos amaliy maktab ekanini qayd etdi.
Bugungi kunda mutaxassislar chet elga borib tajriba orttirayotgan bir vaqtda sohaning malakali xorijlik ekspertlari O‘zbekneftgaz bilan yaqin hamkorlik qilayotganidan foydalanib ular ish olib borayotgan hududlarda kerak bo‘lsa ko‘chma vagonlarni tashkil qilgan holda, mahalliy mutaxassislarga zamonaviy ish usullarini joyning o‘zida o‘rganish imkoniyatini yaratish zarurligi aytildi.
Kapital ta’mir: mavjud quduqdan yangi natija
Shundan so‘ng kapital ta’mirlanayotgan quduqlardagi ishlar holati ko‘rib chiqildi. Reja-jadvalga muvofiq, oyning ikkinchi o‘n kunligida 6 ta gaz qudug‘i kapital ta’mirdan chiqarilib, ishga qo‘shilishi belgilangan. Shu kunga qadar 4 ta quduq foydalanishga topshirilib, kunlik qo‘shimcha 130 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishilgani ta’kidlandi. Boshqaruv raisi qolgan quduqlar bo‘yicha ishlar sur’atini oshirish, ta’mirlash jarayonlarida sifat, xavfsizlik va natijadorlikni birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Yangi quduq burg‘ilash katta vaqt va mablag‘ talab etishini inobatga olganda, mavjud quduqlarni ta’mirlash orqali qo‘shimcha gaz hajmiga erishish ishlab chiqarish iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan ham dolzarb hisoblanadi.
Qishga tayyorgarlik: qog‘ozdagi reja emas, amaldagi kafolat
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr ta’minoti barqarorligi, texnik qurilmalarning sozligi va ehtimoliy nosozliklarni oldindan bartaraf etish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Boshqaruv raisi har bir boshqarmada mavsumga tayyorgarlik amaldagi natija, aniq nazorat va shaxsiy mas’uliyat bilan ta’minlanishi lozimligini ta’kidladi.
Tizimdagi elektrik mutaxassislarni yagona kuch sifatida birlashtirish, zarur hollarda bir boshqarmadagi ishlarni bajarishga boshqa boshqarmalar mutaxassislarini ham jalb etish, ishlarni “hashar” tamoyilida qadamba-qadam tashkil etish muhimligi qayd etildi. Elektr xo‘jaligi bo‘yicha yagona namunaviy yondashuv ishlab chiqilib, barcha boshqarmalarda shu asosda ijroni nazorat qilish vazifasi belgilandi.
Boshqaruv raisi qishki mavsumda avariyalar yuzaga kelmasligi uchun bugun barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlar yaratilayotganini, ertaga esa har bir muammo bo‘yicha aniq so‘rov va shaxsiy javobgarlik bo‘lishini ogohlantirdi.
Boshqarma boshliqlari o‘z hududlaridagi quduqlar, texnologik obyektlar va elektr tizimlarini ekspluatatsiya qilishda mavsum kafolatchisi sifatida mas’uliyatni chuqur his etishlari shartligi ta’kidlandi.
Ishchi qadr topgan joyda natija ham bo‘ladi
Yig‘ilish yakunida Boshqaruv raisi Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish hududlarini obodonlashtirish hamda joylarda bayram shukuhini munosib tarzda yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
U og‘ir sharoitlarda, quduqlar boshida, kechayu kunduz fidokorona mehnat qilayotgan ishchilar jamiyatning eng katta tayanchi ekanini ta’kidlab, ularga munosib e’tibor ko‘rsatish, bayram dasturxonlarini tashkil etish va mehnat ahlini qadrlash har bir rahbarning burchi ekanini alohida qayd etdi.