August 18

Abdug‘ani Sanginov: Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari kunbay, kerak bo‘lsa soatbay nazorat qilinadi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi ishtirokida ishlab chiqarish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda dastlab, 1-20 avgust kunlari rejalashtirilgan 10 ta quduqdan bugungi kungacha 6 tasi burg‘ilab ishga tushirilgani, 4 ta quduqda esa, burg‘ilash ishlari yakuniga yetayotgani va ulardan ham sanoat miqyosida gaz oqimi olinishi bo‘yicha axborot berildi. Shu bilan birga, 21-31 avgust kunlari qo‘shimcha 17 ta quduqni burg‘ilab ishga tushirish ishlari jadal olib borilayotgani aytildi. Jami quduqlarni burg‘ilab ishga tushirish orqali oy yakuni bilan kunlik qazib chiqarish xajmini 4,0 mln kub metrgacha oshirish ta’minlanadi. Albatta bu bilan bugungi kundagi tabiiy tushish ko‘rsatkichlarining oldi olinib, qazib chiqarish xajmi oshishiga erishiladi.

Boshqaruv raisi ishga tushirilishi lozim bo‘lgan har bir quduq bo‘yicha mas’ullarni birma bir so‘rov qildi. Qazib chiqarishdagi har bir harakat, har bir qadam shaxsiy nazoratda bo‘lishi uqtirildi.

Shuningdek, ishlatish fondidan chiqarilgan 17 ta quduqni mukammal ta’mirlab, ishlatishga qaytarish va shu ishlar orqali avgust oyi yakuniga qadar kunlik 520 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish xajmini tiklash vazifasi qo‘yildi.

Geologiya yo‘nalishida 3D seysmoqidiruv ishlari, berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ullar hisobotlari tinglandi. Belgilangan vazifalarni o‘z muddatida bajarish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar qilish topshirildi. Boshqaruv raisi “O‘zbekgeofizika” tashkilotida ko‘p yillardan beri foydalanib kelinayotgan, ma’nan eskirgan uskuna va jihozlarni butkul yangilash bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.


Yig‘ilish davomida Boshqaruv raisi tomonidan neft va gaz qazib chiqarish, qayta ishlash zavod va boshqarmalarini kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida texnologik qurilmalar, elektr tarmoqlari, transformator podstansiyalari, kabel estakadalari, issiqlik tarmoqlari, dizel elektr stansiyalari, qozonxonalarni jiddiy nazoratga olib, barchasini ta’mirlash va sozlash zarurligini bildirdi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga ishlarni jadallashtirish va belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish topshirildi.

"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati