Har bir quduq, har bir soat — shaxsiy nazoratda
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi ishchi yig‘ilishda avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 27 ta quduq bo‘yicha 5–10-avgust kunlari davomida bajarilgan ishlar tahlil qilindi. Mas’ullar har bir quduq kesimida burg‘ilash, o‘zlashtirish va ishga tushirish jarayonlari yuzasidan hisobot berib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qildilar.
Qayd etilganidek, "Yangi Kultak", "Niyoz", "Qoratau", "Marvarid" va "Tegirmon" konlarida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda mazkur ishlar orqali gaz qazib chiqarishdagi tabiiy tushish sur’atining oldini olish hamda ishlab chiqarish hajmini barqaror saqlab turish ta’minlanadi. Shu bois har bir quduqning ishga tushish muddati va texnologik jarayonlari shaxsan Boshqaruv raisi nazoratiga olingan.
Yangi quduqlarni ishga tushirish bo‘yicha barcha ishlar soatbay reja asosida tashkil etilib, Boshqaruv raisi har bir bosqichning kunlik ijrosini shaxsan kuzatib bormoqda. Ta’kidlanganidek, bugungi vazifa — quduqni faqat burg‘ilab tugatish emas, balki uni sanoat miqyosida gaz beruvchi obyekt sifatida o‘z vaqtida ishga tushirishdir.
Shu nuqtayi nazardan quduqlarni kapital ta’mirlash ishlari ham alohida tahlil qilindi.
Moliyalashtirish masalasi muhokamasida Boshqaruv raisi muhim tamoyilni belgiladi. Loyihalar imkoni boricha avvalgilardan farqli o‘laroq yuqori foizli kreditlar hisobidan emas, balki ichki moliyaviy imkoniyatlar hisobidan amalga oshirilishi kerakligi, bu orqali qo‘shimcha qarz yukini oshirmasdan, moliyaviy barqarorlikni saqlash dolzarbligi bildirildi.
Shuningdek, burg‘ilash ishlari yakunlanganidan keyin gazni quvurlarga uzatish bilan bog‘liq texnologik jarayonlar ham muhokama qilindi. Boshqaruv raisi har qanday ehtimoliy holat uchun oldindan bir nechta texnik ssenariy ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab, burg‘ilash ishlari tugagach, keyingi bosqichlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlar gaz qazib chiqarishni kechiktirmasligi shartligini qayd etdi.
Yig‘ilishda yangi tashkil etilgan "UNG Burg‘ilash" MCHJ imkoniyatlaridan ham keng foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Boshqaruv raisi ichki burg‘ilash kompaniyasining xizmatlaridan samarali foydalanish orqali quduqlarni qurish tannarxini pasaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va mahsulot tannarxiga salbiy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha qat’iy topshiriq berdi.
Raqamlashtirish masalasi yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Barcha yangi quduqlarni raqamlashtirish hamda Burg‘ilashni boshqarish markazi orqali real vaqt rejimida nazorat qilish hamda kelgusida mazkur markaz faoliyatiga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Boshqaruv raisi raqamlashtirishning amaliy samarasini neft bazalar misolida tushuntirib, raqamli nazorat joriy etilgandan keyin ayrim neft bazalarida mahsulot aylanmasi 60–70 ming litrdan 800 ming litrgacha oshganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, raqamlashtirish faqat nazorat vositasi emas, balki samaradorlikni bir necha barobar oshiradigan boshqaruv mexanizmi hisoblanadi.
Shu bilan birga sohani ilm-fan bilan integratsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Boshqaruv raisi "O‘zlitineftgaz" institutining yosh olimlari va muhandislarini xalqaro tajribaga ega qilish, ularni xorijiy markazlarda malaka oshirish orqali geologiya, 3D modellashtirish va loyihalash sohasini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.
“Bugungi taraqqiyotning kaliti — ilmda. Ilmiy yondashuvsiz na quduqlar samarasi, na ishlab chiqarish natijasi kutilgan darajada bo‘ladi,” deya qayd etdi Boshqaruv raisi.
Shuningdek, yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ham atroflicha muhokama qilindi. Elektr ta’minoti tizimini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, podstansiyalar, transformatorlar, elektr uzatish tarmoqlari va avtomatlashtirish tizimlarini ta’mirlash hamda avariyalarning oldini olish bo‘yicha har bir boshqarma kesimida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi. Ta’kidlanganidek, energiya ta’minotidagi har qanday uzilish gaz qazib chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.
Yig‘ilish yakunida Boshqaruv raisi gaz qazib chiqarish faqat ishlab chiqarish bo‘linmalarining vazifasi emasligini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, xarid, moliya, logistika, ta’minot va boshqa tayanch tuzilmalar ham yagona maqsad yo‘lida bir jamoa sifatida ishlashi, bir-biriga to‘siq emas, aksincha, amaliy yordamchi bo‘lishi kerak. Faqat shunda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va yuqori samara bilan bajarilishi mumkin.