Avgust va sentyabr oylari O‘zbekneftgazda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish oylari bo‘ladi – A.Sanginov
"O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi boshchiligida o‘tkazilgan navbatdagi ishchi yig‘ilishda gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, konlarni samarali ekspluatatsiya qilish, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror ta’minlash uchun ekspluatatsiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, elektr ta’minoti va energetika obyektlarining ishonchliligini oshirish, transformator xo‘jaligini yangilash, izolatorlarni almashtirish hamda gaz porshenli stansiyalarning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Majlisda avgust oyi uchun belgilangan gaz ko‘paytirish chora-tadbirlari har 10 kunlik rejasi kunbay, quduqlar va konlar kesimida birma bir tahlil qilindi. Qayd etilganidek, yil boshida boshlangan islohotlar natijasi o‘laroq avgust va sentyabr oylari gaz qazib chiqarishni oshirish oylari sifatida belgilangan. Raqamlarga ko‘ra, avgust oyi davomida 27 ta quduqni ishga tushirish reja qilingan.
Quduqlar fondidan samarali foydalanish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bu jarayonda javobgarlik chegaralarini aniq belgilash hamda Xitoyning ilmiy institutlari bilan hamkorlikda quduqlarni ta’mirlash texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar berildi.
Shu bilan birga, 2026 yilning manzilli va investitsiya dasturlari hisob-kitobida yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklardan xulosa chiqarib, hozirdan 2027 yil uchun mukammal dasturlarni boshlash vazifasi berildi. Loyihalarni tartibga solish, 3D seysmika ishlarini jadallashtirish, 2027 yil uchun geologiya-qidiruv dasturini shakllantirish, yangi bloklardagi ishlarni o‘z vaqtida tashkil etish, qurilish obyektlarida kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda moddiy-texnika ta’minotini kuchaytirish masalalari ham kun tartibida dolzarblik kasb etdi.
Hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan burg‘ilash ishlarni belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash maqsadida xorijdan keltirilayotgan uskunalarni yetkazib kelishni tezlashtirish va ular uchun yo‘l va infratuzilmalarni belgilangan muddatdan oldin tayyorlash hamda qo‘shimcha texnika jalb qilish bo‘yicha ham aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini kengaytirish, xalqaro hamkorlar talablariga javob beradigan zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Ustyurt hududidagi ishlab chiqarish obyektlarida mehnat sharoitlari qoniqarsiz deb baholanib, holatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Ishchilar yotoqxonalarini to‘liq ta’mirlash, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlash, maishiy sharoitlarni zamonaviy talablar darajasiga olib chiqish vazifalari belgilandi. Jumladan, 25 avgustga qadar Ustyurtda barpo etilayotgan yangi yotoqxonani foydalanishga topshirish hamda yil yakuniga qadar Ko‘kdumaloq, Pomuq va Alan konlaridagi yotoqxonalarni to‘liq yangilash topshirildi.
Shuningdek, barcha tizim tashkilotlarida yurtimiz mustaqillik shodiyonalarining 35 yilligini munosib kutib olishga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.