February 23

Jamiyat tarkibidagi 3 ta obyekt mudofaa va xavfsizlikka “Tayyor” deb baholandi

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Qarshi neft bazasi” MChJ, Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi hamda “Muborak neftgaz-suvta’minot” MChJda obyekt xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlikdagi ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirlarda Fuqaro muhofazasi tuzilmalari bilan bir qatorda tegishli vazirlik va tashkilotlarning Qashqadaryo viloyatidagi boshqarmalari hamda Ochiq neft va gaz favvoralarini bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mas’ullari ishtirok etdi.

Maqsad favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda obyektlarning boshqaruv organlari, qutqaruv tuzilmalari va hamkor tashkilotlar harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, ishchi-xodimlar o‘rtasida amaliy ko‘nikmalarni oshirishdan iborat.

Ishtirokchilar tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ular oqibatlarini bartaraf etish, ishchilarni kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalar tarqalgan hududdan olib chiqish, xavfsiz hududga ko‘chirilganda hayot faoliyatini ta’minlash tadbirlari namoyish etildi.

Kuzatuvchilar tahliliga ko‘ra, tezkor va muvofiqlashtirilgan amaliy harakatlar yuqori baholanib, obyekt mudofaa va xavfsizlikka “TAYYOR” deb topildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati