Yesterday

Xitoy elchisi bilan istiqboldagi yo‘nalishlar kelishib olindi

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov bugun Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, jumladan neft-gaz sohasida izchil rivojlanib borayotgan strategik, qo‘shma investitsiya loyihalari hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” tomonidan Xitoyning “CNPC”, “CCDC”, “BGP”, “Jereh”, “Honghua” va boshqa yirik kompaniyalar bilan geologiya-qidiruv, quduqlar qurilishi, servis xizmatlari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muloqotning asosiy mavzularidan biri mamlakatimizda aviayoqilg‘i ta’minotini diversifikatsiya qilish va barqaror tizimni shakllantirish maqsadida Xitoydan “Jet A-1” rusumli aviayoqilg‘ini uzoq muddatli asosda yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bu borada Xitoyning “China National Aviation Fuel Group” (CNAF) hamda “Sinopec” kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda Elchixona ko‘magini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi investitsiya va texnologik loyihalarni amalga oshirish hamda energetika sohasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati