Yesterday

Gazlida qazib chiqarishni oshirish va avariyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi rahbarligida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda tabiiy gaz qazib chiqarish holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda konlar kesimida qazib chiqarishdagi tabiiy tushish holatlari ko‘rib chiqilib, qatlam va ustki bosimning pasayishi asosiy omillardan biri ekani qayd etildi. Shu bilan birga, joriy yil davomida kuzatilgan 10 dan ortiq avariyaviy to‘xtalish keskin tanqid qilinib, mas’ullarga bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.

Ta’kidlanganidek, konlarda geologik-texnik tadbirlarni kengaytirish, qazib chiqarishni tiklash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Shuningdek, avariyaviy to‘xtalishlarga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish vazifalari belgilandi.

Yig‘ilishda joriy yil yanvar oyida qabul qilingan tarixiy qaror — 21 ta konni tashqi operatorga bermasdan, ulardagi ishlarni o‘z kuch va imkoniyatlar hisobidan amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan yondashuv alohida aytib o‘tildi. Ushbu qaror asosida 9 ta obyektda burg‘ilash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 5 tasida ishlar yakunlanib, ishlatishga topshirilgani ma’lum qilindi.

Boshqaruv raisi sohada “o‘zibo‘larchilik kayfiyati”dan voz kechib, yangi texnologik yechimlar, zamonaviy yondashuvlar va tashabbuskorlik asosida ish tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

2026 yil uchun belgilangan ishlab chiqarish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Rejaga muvofiq, 9 ta yangi quduqni burg‘ilash va 27 ta quduqda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish orqali kunlik qo‘shimcha 1,4 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish maqsad qilingan. Joriy yilning yanvar–may oylarida esa 5 ta yangi quduq ishga tushirilib, 15 ta quduqda ta’mirlash ishlari bajarilishi natijasida kunlik qo‘shimcha 908 ming kub metr gaz qazib chiqarishga erishilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, boshqarma tasarrufidagi 461 ta quduq holati tahlil qilinib, ularning 45 foizi ta’mirlash yoki tiklash ishlarini talab qilishi ma’lum qilindi. Mas’ullarga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 10 ta quduqda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish orqali kunlik qazib chiqarish hajmini yana 250 ming kub metrga oshirish vazifasi yuklatildi.

Tadbirda konlarda tabiiy tushishga qarshi yetarli choralar ko‘rmagani uchun Doyaxotin koni boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod qilindi va Boshqarma direktori va bosh geologiga hayfsan berildi.

Muloqotda kompressor stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash, elektr ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan quduq ustki kompressor stansiyalari uchun elektr liniyalarini qurish ishlarini jadallashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, konlarda ish olib borayotgan “Condor Energy” kompaniyasi zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmayotgani tanqid qilinib, mazkur ishlar ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi belgilandi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati