July 27

Tizimli islohotlar natijasida Jamiyatning sof foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110 foiz o‘sdi


Bugun “O‘zbekneftgaz” AJda joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda “Dolzarb 100 kunlik” dasturi hamda yarim yil davomida amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xolis baholandi. Shuningdek, ikkinchi yarim yillik uchun ustuvor vazifalar belgilab olinib, har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati yana bir bor eslatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Endi asosiy e’tibor faqat ishlab chiqarish hajmini oshirishga emas, balki har bir qarorning iqtisodiy samarasi, rentabelligi va moliyaviy barqarorlikka qo‘shayotgan hissasiga qaratilmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida aynan shu yondashuv barcha yo‘nalishlarda amaliy natijalarini ko‘rsatdi.

Eng avvalo, jamiyat tizimida rejalashtirish va moliyaviy intizom to‘liq qayta shakllantirildi. Xarajatlarni tahlil qilish, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va har bir qarorni iqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa samarasiz xarajatlarni qisqartirish, operatsion samaradorlikni oshirish va tizimni moliyaviy sog‘lomlashtirishga xizmat qildi.

Bu o‘zgarishlar ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topdi. Hisobot davrida tovar mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 25,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 106 foizga yetdi. 438 million dollarlik eksport amalga oshirilib, 475 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Yarim yillikda ishlab chiqarish quvvatlari va mavjud aktivlardan unumli foydalanish bo‘yicha ham yangi boshqaruv tizimi shakllantirildi.

Xususan, tarixda ilk bor "Uzbekistan GTL" zavodida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 100 foizga yetkazilib, korxona o‘z majburiyatlarini mustaqil bajaradigan bosqichga chiqdi. Ilgari zarar bilan ishlab kelgan AYOQSHlarda mahsulot realizatsiyasi tiklanib, kunlik sotuv hajmi 700 ming litrgacha yetdi. Bu ko‘rsatkich yil boshidagi holatga nisbatan qariyb 5 barobar o‘sishni anglatadi. O‘tgan yili 14 ta neft bazalar faoliyatini 36 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, joriy yil birinchi yarim yillikda ularning 11 tasi 12,3 mlrd so‘m foydaga erishdi. Shuningdek, neft bazalarning Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi, iste’molchilarning esa neft bazalar oldidagi qarzdorligi qisqartirildi.

Hisobot davrida moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va jamiyatlarning rentabelligini oshirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirildi. Tayyor mahsulotlarni sotish mexanizmlari va xizmatlar tariflari qayta ko‘rib chiqilib, suyultirilgan gaz hamda oltingugurtni bozor tamoyillari asosida realizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida qo‘shimcha 450 mlrd so‘m daromad olindi.

Joriy yildan boshlab tizimdagi korxonalarning moliyaviy faoliyati yangi tamoyillar asosida tashkil etildi. Jamiyatlar mustaqil ishlashga o‘tkazilib, daromadlilik va rentabellikni oshirish, xarajatlarni qat’iy nazorat qilish hamda xarajatlar smetasi tizimini joriy etish orqali ularning moliyaviy barqarorligi mustahkamlandi.

Shuningdek, 385 mln dollarlik yuqori foizli kreditlar qayta moliyalashtirilishi hisobiga foiz stavkalari 9,5–12 foizdan 5,5–7,5 foizgacha pasaytirildi va 219 mlrd so‘m foiz xarajatlari iqtisod qilindi. Kredit portfeli yil boshidagi 4,2 mlrd dollardan 3,9 mlrd dollargacha qisqardi. Xarajatlarni optimallashtirish dasturi doirasida 1,2 trln so‘m mablag‘ tejaldi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sof foyda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110 foizga oshdi, budjet va maqsadli jamg‘armalarga esa 4,1 trln so‘m miqdorida to‘lovlar amalga oshirildi.

Ichki zaxiralardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar ham sezilarli iqtisodiy natija berdi. Harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati tashkil etilgani hisobiga 304 milliard so‘m iqtisodiy samaraga erishildi. Bu qaror mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish mumkinligini ko‘rsatdi.

Ta’kidlash joizki, hisobot davrida barcha mahsulotlarning reja ko‘rsatkichlari 100 foizdan ortiq bajarildi. Jumladan avtobenzin (reja 100 %, o‘sish 100,8 %), dizel (reja 128,0 %, o‘sish 201,0 %), aviakerosin (reja 100,0 %, o‘sish 123,6 %), suyultirilgan gaz (reja 119,0 %, o‘sish 99,2 %), polietilen (reja 100,0 %).

Albatta, yig‘ilishda mavjud kamchiliklar ham tilga olindi. Boshqaruv raisi ishlab chiqarish barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri sifatida avariyaviy to‘xtalishlar ko‘payganini qayd etib, profilaktik ishlar, texnik xizmat ko‘rsatish va xavflarni boshqarish tizimidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi. Yig‘ilishda ushbu kamchiliklarning sabablari atroflicha tahlil qilinib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish va yilning ikkinchi yarmida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Ta’kidlanganidek, ikkinchi yarim yillikdagi asosiy maqsad — barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, moliyaviy barqarorlikni yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish quvvatlari va mavjud aktivlardan maksimal darajada samarali foydalanish hamda har bir yo‘nalishda iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirishdan iborat.
Ikkinchi yarim yillikda Jamiyat oldiga qo‘yilgan eng katta vazifalardan biri — mamlakatimiz uglevodorod resurslari bazasini kengaytirishdir.

Buning uchun Jamiyat tarixida ilk bor bir yilning o‘zida geologiya-qidiruv yo‘nalishida 12 ming kv km 3D seysmika ishlari (o‘tgan yilga nisbatan 4,7 barobarga ko‘p), 221 ta geologik texnik tadbir (1,8 barobarga ko‘p), 120 ta quduq burg‘ilash (2,2 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 81 ta), 54 ta quduq ta’mirlash (1,4 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 36 ta) va 47 ta texnologik tadbir (1,7 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 23 ta)ni amalga oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Shuningdek, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish va o‘sish sur’atini barqaror ta’minlashda 2026 yil yakuniga qadar quyidagi hajmlarda asosiy mahsulotlarni ishlab chiqarish belgilandi. 1 100 ming tonna avtobenzin (reja 106,8 %, o‘sish 106,7 %), 983,1 ming tonna dizel (reja 156,8 %, o‘sish 233,7 %), 310,0 ming tonna aviakerosin (reja 129,3 %, o‘sish 152,3 %), 606 ming tonna suyultirilgan gaz (reja 118,8 %, o‘sish 100,0 %), 137,2 ming tonna polietilen (reja 100, %, o‘sish 100,3 %).

Bu — nafaqat raqam, balki qazib chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi sur’at va yangi yondashuvdir. Mazkur dasturni amalga oshirish uchun 9 ming metrgacha burg‘ilay oladigan 21 ta zamonaviy burg‘ilash dastgohi xarid qilinib, quduqlarni qurish muddati sezilarli qisqartiriladi hamda burg‘ilash ishlarida qiymat pasayadi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida 45 turdagi muhim moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish ishlarini jadallashtirish, korxonalarning ishonchli faoliyati uchun zarur bo‘lgan ta’minot tizimini yanada mustahkamlash vazifasi qo‘yildi.
Ishlab chiqarish samaradorligi, eng avvalo, inson kapitali va xodimlar uchun munosib mehnat hamda yashash sharoitlarini yaratish bilan chambarchas bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.

Shu bois, ikkinchi yarim yillikda ishchi-xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish, jumladan, ish haqini oshirish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida tizimdagi barcha ishchilar yotoqxonalarini yil yakuniga qadar ta’mirlash hamda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 160 o‘rinli zamonaviy yotoqxona qurilishini jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

"O’zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati