May 12

OGU-2026: Energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish va ichki nazoratning zamonaviy yondashuvlari muhokama qilindi

Poytaxtimizdagi «Uzbekistan Energy Week» va «OGU-2026» (O‘zbekiston neft va gazi) 28-xalqaro konferensiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Zohid Karayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, institutsional islohotlarni izchil davom ettirishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ekspertlar muloqoti «O‘zbekneftgaz» AJ, Ozarbayjonning «SOCAR», Qozog‘istonning «QazMunayGaz» kompaniyalari hamda Buyuk Britaniyaning “Curtis” yuridik kompaniyalari vakillari bilan «Ichki nazorat va korrupsiyaga qarshi amaliyotlarda zamonaviy yondashuvlar» mavzusida davlat organlari va yirik energetika kompaniyalarida korrupsiya xavflarining oldini olish, ichki bo‘linmalar mustaqilligini ta’minlash hamda raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur sessiyada O‘zbekistondagi qator vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi kurashish va ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari hamda mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Bu esa davlat tashkilotlarida komplayens tizimini takomillashtirish, zamonaviy ichki nazorat mexanizmlarini joriy etish va xalqaro tajribalar almashish nuqtai nazaridan sessiyaning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Sessiya ishtirokchilari korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina nazorat emas, balki yangicha korporativ madaniyat va innovatsion boshqaruv tizimi ekanligini alohida ta’kidladilar.

«O‘zbekneftgaz» AJ Axborot xizmati