June 8

Xavfsizlik sari yangi bosqich: qo‘riqlash xodimlari malaka oshirmoqda

Avval xabar berganimizdek, Boshqaruv raisi tashabbusi bilan xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonalarda xavfsizlik tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator islohotlar natijasida Jamiyatga qarashi boshqarmalarda Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari tashkil etildi.

Hozirda xodimlar bilim va ko‘nikmalarini kuchaytirish hamda zamonaviy xavfsizlik talablariga mos professional tayyorgarligini oshirish maqsadida boshqarmalarda faoliyat yuritayotgan Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari xodimlarini qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 850 nafar xodimni bosqichma-bosqich qamrab olishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda esa Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi qo‘riqlash bo‘linmasining 300 nafar xodimi malaka oshirish mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

O‘quv jarayonlari davomida tinglovchilarga yuridik, jangovar, jismoniy, kasbiy, tibbiy hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berilmoqda. Mashg‘ulotlarda xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash hamda ma’naviy salohiyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, ushbu tashabbus neft-gaz sanoati obyektlari xavfsizligini ta’minlash, qo‘riqlash bo‘linmalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda tizimda xavfsizlik madaniyatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

"O'zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati