Today

“Vaziyatni yashirish emas, muammoni ochiq koʻrsatish kerak”- A. Sanginov

Bugun “O’zbekneftgaz” AJda Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov ishtirokida kengaytirilgan apparat yigʻilishi oʻtkazildi. Unda 9 oylik yakuni bilan kutilayotgan ishlab chiqarish-iqtisodiy koʻrsatkichlar, mavjud risklar hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi shart boʻlgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

9 oylik yakuniga 24 kun qolgan. Shu bois har bir yoʻnalish boʻyicha reja ijrosi, mavjud kamchiliklarning aniq sabablari va qisqa muddatda koʻriladigan choralar yuzasidan qatʼiy yondashuv shakllantirildi.

“Bugun har bir yoʻnalish boʻyicha aniq savol qoʻyilishi kerak: nimani reja qilgandik, nimalarga erishildi, nima bajarilmay qoldi, qolgan qisqa muddatda yana nimalar qilish lozim va qanday natijaga erishiladi?”, — dedi Boshqaruv raisi.

Tabiiy gaz qazib chiqarish boʻyicha 9 oylik reja ijrosi yuzasidan mavjud holat atroflicha koʻrib chiqilib, belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni safarbar etish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda qazib chiqarish surʼatlarini barqarorlashtirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish muhim vazifalardan biri sifatida koʻrsatib oʻtildi. Har bir kon, quduq va obyekt kesimida tahlilni kuchaytirish, ishni manzilli tashkil etish hamda yil yakuniga qadar reja ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy choralarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan quduqlar sarhisobi, sentyabr oyiga rejalashtirilgan quduqlarni 9 oylik yakuniga qadar ishga tushirish va bu orqali kunlik qazib chiqarishni 3,9 mln kub metrga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, 16 ta quduqda kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish hisobiga kunlik qazib chiqarishni yana 460 ming kub metrga oshirish topshirildi.

Qayta ishlash yoʻnalishida gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish koʻrsatkichlari tahlil qilindi. Xususan, tizim korxonalari tomonidan yil yakuniga qadar mazkur mahsulot ishlab chiqarish hajmini 120 %ga bajarish vazifasi belgilandi. Neft mahsulotlarini qayta ishlash uchun xomashyo taʼminoti ham alohida koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda avariyaviy toʻxtalishlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, transport vositalari holati, raqamlashtirish, mahalliylashtirish va investitsiya loyihalari ijrosi boʻyicha ham aniq tadbirlar belgilab olindi. Xususan, siquv kompressor stansiyalarini 1-oktyabrga qadar toʻliq shay holatga keltirish boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklatildi.

Raqamlashtirish borasida esa natijadorlik asosiy mezon boʻlishi taʼkidlandi. “Raqamlashtirishni taqdimot va hisobotlarda emas, ishlab chiqarish samaradorligida koʻrishimiz kerak”, — dedi A. Sanginov. “E-Kon”, “Burgʻilash markazi”, ERP va BI tizimlarini joriy etish, neft bazalarida raqamlashtirishni yakuniy muddati belgilandi.

Shu bilan birga, 2027-yilga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash , geologiya-qidiruv dasturi, geologik-texnik tadbirlar, qazib chiqarish va ishlab chiqarish balansi, qurilishlar manzilli dasturi, investitsiya dasturi hamda xaridlar portfelini shakllantirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish topshirildi.

“9 oylikni ijobiy yakunilashimiz uchun bizda 24 kun bor. 24 kun — qisqa muddat. Lekin barcha yoʻnalishda ishlarni toʻgʻri tashkil etsak, kunlik nazorat bilan natija qilish mumkin. Har bir rahbar oʻz yoʻnalishining yakuniy natijasi uchun shaxsan javob beradi”, — dedi Boshqaruv raisi.

Belgilangan barcha vazifalarning yanada qatʼiy nazorat asosida ijrosini taʼminlash, qoloqliklarni bartaraf etish, moliyaviy va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yigʻilishning asosiy maqsadi boʻldi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati