Ustyurtdagi strategik burg‘ilash loyihalari ijrosi joyida o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv, burg‘ilash hamda qazib chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bilan tanishdi.
Ishchi guruh dastlab Qo‘ng‘irotda burg‘ilash dasturini amalga oshirish uchun barpo etilayotgan quvurlarni saqlash bazasida bo‘ldi. Joriy yilda rejalashtirilgan keng ko‘lamli burg‘ilash ishlarini sifatli va uzluksiz tashkil etishda ushbu obyekt muhim ahamiyatga ega.
Obyektda qurilish ishlarining borishi, xorijdan keltirilayotgan quvurlarni qabul qilish, joylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimi ko‘rib chiqildi. Boshqaruv raisi qurilish ishlarini jadallashtirish, logistika jarayonlarini samarali tashkil etish hamda quvurlarning sifatli saqlanishini ta’minlash jumladan raqamlashgan qo‘riqlash tizimi yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berdi.
Shundan so‘ng ishchi guruh Xitoyning “XIBU” kompaniyasi tomonidan burg‘ilanishi rejalashtirilgan "Qiziljar" konidagi 5-sonli quduq maydonida bo‘ldi. Ma’lum qilinganidek, burg‘ilash maydonchasini tayyorlash ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, uskunalar yetib kelishi bilan asosiy ishlar boshlanadi.
Tashrif davomida "Qiziljar" konidagi 1-sonli quduqdagi geologik imkoniyatlar ham muhokama qilindi. Gaz bor qatlamga yetib borgach, yonlama burg‘ilash texnologiyasini qo‘llash orqali qo‘shimcha gaz oqimini olish imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish va eng maqbul texnik yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Shuningdek, ishchi guruh "Shag‘irlik" konidagi 3-sonli quduqda olib borilayotgan burg‘ilash ishlari bilan tanishdi. Mas’ullar quduqdagi ishlar tasdiqlangan grafik asosida olib borilayotgani hamda belgilangan muddatlarda yakunlanishi bo‘yicha Boshqaruv raisiga axborot berdi.
O‘rganishlar yakunida Abdug‘ani Sanginov barcha obyektlarda qurilish va burg‘ilash ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash, grafik bo‘yicha kechikayotgan burg‘ilash ishlarini yetkazib olish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, istiqbolli quduqlarni tezroq ishga tushirish orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.