June 22

Qayta ishlash quvvatlaridan samarali foydalanish va raqamlashtirish natijalari ko‘rib chiqildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida Boshqaruv raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosariga biriktirilgan korxona va tashkilotlar faoliyati tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Yig‘ilish kun tartibida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, qayta ishlash jarayonlari samaradorligi, raqamlashtirish loyihalarining ijrosi, xodimlar uchun yaratilayotgan mehnat sharoitlari hamda texnologik xavflarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi bo‘ldi.

Boshqaruv raisi tomonidan neft va gaz qazib chiqarish hajmlari tabiiy tushib borayotgan sharoitda mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan “Uzbekistan GTL” MCHJda mahsulot turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlardan foydalanilmayotganligi tanqid qilindi. Mas’ul rahbarlarga mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish, yangi yo‘nalishlarni joriy etish va bozor talabidan kelib chiqqan holda aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, nordon gazni qayta ishlash jarayonlariga yo‘naltirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish va qo‘shimcha mahsulotlar olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham tahlil qilindi. Bu borada mas’ullarga texnik va iqtisodiy jihatdan asoslangan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Shu bilan birga raqamlashtirish loyihalarining ijrosi bo‘yicha hisobotlar tinglandi. Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan raqamli yechimlar natijasida avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida mahsulotlar realizatsiyasi hajmi ikki baravarga oshgan. Bugungi kunda 18 ta neft bazasida raqamlashtirish ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Joriy yil yakuniga qadar jami 80 ta avtoyoqilg‘i quyish shoxobchasi va 14 ta neft bazasini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda mehnat jamoalari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, xodimlarni ish joyiga xavfsiz va qulay yetkazib kelish maqsadida 84 ta zamonaviy avtobus xarid qilingani qayd etildi. Shuningdek, neft bazalarida mehnat qilayotgan xodimlarning maxsus kiyim-boshlari va himoya vositalarini bosqichma-bosqich yangilash bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Muhokamalar davomida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, texnologik qurilmalarning ishonchli ishlashini kafolatlash, texnologik xavflarning oldini olish va ishlab chiqarish intizomini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, yarim yillik yakunlar bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash hamda rejadan ortda qolayotgan yo‘nalishlarda natijadorlikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati