February 7

Ishchi-xodimlarning taklif va muammolarini o‘rganish ishlari davom etmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining maslahatchilari tomonidan tizim korxonalarida xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish hamda kasaba uyushmalari faoliyati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi holatini joylarda o‘rganish maqsadida ishchi-xodimlar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Navbatdagi uchrashuvlar Buxoro neft bazasi, Navoiy neft bazasi, “Oʻzneftgaz quduq ta'mirlash”, "Buxoro neftni qayta ishlash zavodi", Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqotlarda bugun rahbariyat tomonidan sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ishchi-xodimlar Boshqaruv raisi maslahatchilariga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud muammolar va takliflar yuzasidan fikrlarini bildirdilar.

Ishchi-xodimlarni ijtimoiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish, xodimlar uchun imtiyoz va rag‘batlantirish tizimlarini joriy etish, shuningdek, tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashni yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida ularni xorijiy hamkor tashkilotlarda malaka oshirishga yuborish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasida qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bildirilgan barcha taklif va murojaatlar umumlashtirilib, belgilangan tartibda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisiga taqdim etilishi ma’lum qilindi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati