March 13

Jahonning yirik treyderlaridan biri – Shveysariya kompaniyasi mintaqaviy rahbari bilan muzokaralar o‘tkazildi

Рус

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov hamda Shveytsariyaning “Mercuria Energy Group Ltd.” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy rahbari Andrey Rudenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida Shveytsariya kompaniyasining faoliyati, uning xalqaro energiya va xomashyo resurslari bozoridagi o‘rni hamda amalga oshirayotgan loyihalari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, “Mercuria Energy Group” dunyodagi eng yirik mustaqil energiya va xomashyo mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi treyderlardan biri bo‘lib, trending (trading) yo‘nalishida global bozorda yetakchi o‘rinlarni egallagan hamda ushbu sohadagi top 4 ta kompaniya qatoriga kiradi.

Bosh qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan mazkur kompaniya 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Uning ofislari va operatsion bo‘linmalari London, Singapur, Xyuston, Pekin kabi yirik xalqaro moliyaviy va savdo markazlarida joylashgan.

2023-yildan boshlab “Merkuriya” investitsiyalarining 50 foizini energetika transformatsiyasi jarayonlariga yo‘naltirmoqda. Shuningdek, kompaniya ekologiya va qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Silvania” fondini tashkil etgan.

Muzokaralar davomida kompaniya “O‘zbekneftgaz” AJ bilan xalqaro energiya bozorida savdo operatsiyalarini yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda treyding (trading) sohasida jamiyat mutaxassislarining malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Shuningdek, neft-gaz mahsulotlarini jahon bozoriga samarali olib chiqish, zamonaviy savdo mexanizmlarini joriy etish va tajriba almashish masalalari tilga olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati