October 8

Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq aholisi uchun bir necha yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpog‘istonga navbatdagi tashrifi davom etmoqda.

Ma’lumki, joriy yil boshida Jamiyat tizimida geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini kengaytirish, yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish hamda uglevodorod qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlangan edi. Ishchi guruhning Ustyurt hududidagi navbatdagi o‘rganishlari ham ushbu islohotlarning joylardagi amaliy ijrosini, barpo etilayotgan infratuzilmaning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiqligini va har bir obyektning samaradorlikka qo‘shadigan hissasini baholashga qaratilgan.

Tashrif doirasida ishchi guruh dastlab Jamiyat uchun barpo etilayotgan yangi moddiy-texnik resurslar ombori hamda “UNG Burg‘ilash” MCHJ Ustyurt filiali bazasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Qo‘ng‘irot tumanida qad rostlayotgan ushbu ikki obyekt kelgusida Jamiyatning Ustyurt hududidagi ishlab chiqarish faoliyati uchun muhim tayanch nuqtaga aylanadi. Xususan, markazlashtirilgan ombor kengayib borayotgan burg‘ilash maydonlarini zarur texnika, uskuna va quvurlar bilan uzluksiz ta’minlash, logistika jarayonlarini tizimlashtirish hamda ta’minotdagi ehtimoliy uzilishlarning oldini olish imkonini beradi.

Ombor qurilish jarayonini ko‘zdan kechirgan Boshqaruv raisi ishlarni jadallashtirish va xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berdi. Jumladan, qurilish materiallarini mahalliy tadbirkorlardan xarid qilish orqali sarf-xarajatlarni kamaytirish, shu bilan birga, hududdagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlash joizki, joriy yil sentyabr oyi boshida Boshqaruv raisi “UNG Burg‘ilash” MCHJ Ustyurt filiali bazasi qurilishiga oid dastlabki smeta hujjatlari bilan tanishib, loyihani ishlab chiqarish ehtiyojlari va iqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qator takliflar bildirgan edi. Xususan, ishlab chiqarish jarayoniga bevosita xizmat qiladigan binolarni saqlab qolish, kam foydalaniladigan va ortiqcha xarajat talab etadigan inshootlarni loyihadan chiqarish vazifasi qo‘yilgandi.

Mazkur topshiriqlar asosida smeta qayta ishlanib, qurilishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar va binolar soni maqbullashtirildi. Navbatdagi o‘rganishlar davomida yangilangan loyiha-smeta hujjatlari ishchi guruhga taqdim etildi va ma’qullandi.
Keyingi bosqichda tasdiqlangan yakuniy loyiha asosida tender savdolari e’lon qilinib, qurilish ishlariga kirishiladi.

Shuningdek, mas’ullarga yog‘ingarchilik mavsumi boshlanguniga qadar zarur qurilish materiallarini zaxiralash, ishlarni belgilangan muddatda va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ushbu obyektlar foydalanishga topshirilgach, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida bir necha yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shilishi kutilmoqda.

Ayni paytda ishchi guruhning Ustyurt hududidagi o‘rganishlari konlar va ishlab chiqarish obyektlarida davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati