November 17

Xitoyning “BGP” va “INOVA” kompaniyalari bilan hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilmoqda

Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari S. Hamroyev Xitoyning “BGP” va “INOVA” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holati hamda istiqboldagi yoʻnalishlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida hamkorlikdagi loyihalar doirasida olib borilayotgan seysmik qidiruv ishlarining borishiga alohida eʼtibor qaratildi. Loyihalarning belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishi, ish hajmlarini joriy yil yakuniga qadar jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuvning yana bir muhim yoʻnalishi geofizik uskunalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish masalasi boʻldi. Kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlik doirasida uskunalarni belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, oʻzaro hamkorlikni yangi yoʻnalishlar bilan kengaytirish hamda soha uchun zamonaviy texnologiya va mutaxassislar tayyorlash borasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati