Xitoyning “XIBU” kompaniyasi bilan hamkorlik yangi bosqichda
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh ayni damda hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
“XIBU” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar Ustyurt hududida 30 ta chuqur izlov-qidiruv qudug‘ini burg‘ilash bo‘yicha yirik investitsiya loyihasining bugungi holati, amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalarni muhokama qildilar.
Xususan, loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifatda amalga oshirish maqsadida qisqa muddat ichida 9 ta zamonaviy burg‘ilash qurilmasini safarbar etish, ularni montaj qilish ishlarini yakunlash hamda burg‘ilash jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muzokaralar chog‘ida barcha quduqlarda burg‘ilash ishlarini shartnomada belgilangan grafikdan oldin boshlash, yil yakuniga qadar esa birinchi navbatdagi quduqlarda kutilayotgan geologik natijalarga erishish har ikki tomonning ustuvor vazifasi ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv konstruktiv va ishchan ruhda o‘tdi. “XIBU” kompaniyasi rahbariyati bugungi geosiyosiy vaziyat tufayli xalqaro logistika zanjirlarida ayrim murakkabliklar mavjudligini qayd etib, shunga qaramay burg‘ilash qurilmalarini yetkazib berish, montaj ishlarini tezlashtirish hamda loyihani belgilangan muddatdan ilgari amalga oshirish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Tashrif doirasida shuningdek kompaniyaning Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Markazda dunyoning turli hududlarida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari 24/7 rejimida onlayn monitoring qilinishi, barcha texnologik jarayonlar real vaqt rejimida kuzatib borilishi hamda yuzaga keladigan texnik masalalar bo‘yicha tezkor muhandislik qarorlari qabul qilinishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya kompaniyaning zamonaviy texnologiyalari, innovatsion ishlanmalari hamda yuqori texnologik mahsulotlari namoyish etilgan ko‘rgazmani ham ko‘zdan kechirdilar.