“O‘zbekneftgaz” AJ va Bank of China o‘rtasida qayta moliyalashtirish bo‘yicha Mandat bitimi imzolandi
Yaponiyaning Tokio shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya hamda Bank of China’ning Yaponiyadagi vakolatxonasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, kredit portfelini optimallashtirish hamda moliyaviy xarajatlarni maqbullashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Jamiyat tomonidan davlat kafolati ostida ilgari jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirish bo‘yicha Bank of China bilan Mandat bitimi imzolandi. Shuningdek, mazkur moliyalashtirishning asosiy shartlari yuzasidan tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Qayta moliyalashtirish mexanizmini amalga oshirish Jamiyatning kredit majburiyatlarini yanada samarali boshqarish, foiz xarajatlarini kamaytirish va moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur bitim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida, shuningdek, uzoq muddatli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolli loyihalar doirasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga kelishib oldilar.