February 11

“O‘zbekneftgaz” JST talablariga mos ravishda texnik islohotlarni jadallashtirmoqda

Рус

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida mamlakatda keng qamrovli iqtisodiy va texnik islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning asosiy maqsadi — milliy qonunchilik va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro savdo qoidalariga moslashtirish, ichki bozorni yanada shaffof va raqobatbardosh qilishdan iborat.

Mazkur jarayonda texnik tartibga solish, standartlashtirish, sanitariya va fitosanitariya talablari, bojxona tartib-taomillari hamda davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Milliy standartlar bosqichma-bosqich xalqaro talablarga uyg‘unlashtirilmoqda, texnik reglamentlar esa ochiq va aniq qoidalar asosida ishlab chiqilmoqda.

Ushbu islohotlar “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatida ham izchil amalga oshirilmoqda. Jamiyat Boshqaruvi raisi topshirig‘iga muvofiq hamda STQ 35 “O‘zneftgazmahsulot” texnik qo‘mita bilan hamkorlikda neft va gaz sohasida amal qilayotgan me’yoriy hujjatlar xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirilmoqda.

Ayni paytda mahsulot sifati, o‘lchash va sinov jarayonlari xalqaro mezonlar asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, jamiyat tizimi korxonalarida ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz, benzin, dizel yoqilg‘isi, sintetik dizel va aviatsiya yoqilg‘isi xalqaro standartlar talablari asosida ishlab chiqarilmoqda. Sinov metodikalari va akkreditatsiya jarayonlari ham bosqichma-bosqich xalqaro talablarga moslashtirilmoqda.

Mazkur o‘zgarishlar mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish, xususan Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimi xorijiy sarmoyadorlar ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJda JST talablariga moslashish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati