“O‘zbekneftgaz” AJ va “Honeywell” kompaniyasi hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollarini muhokama qildi
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJda AQSHning “Honeywell” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Delegatsiyaga Yaqin Sharq, Turkiya, Markaziy Osiyo va Afrika mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident hamda bosh direktor Uyg‘ar Doyuran boshchilik qildi.
Muzokaralar davomida tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJ va “Honeywell” kompaniyalari o‘rtasidagi ko‘p yillik samarali hamkorlikni alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, raqamli transformatsiya loyihalari, boshqaruv tizimlari hamda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar neft-gaz sohasida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, tomonlar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich keyingi chora-tadbirlar, jumladan, texnik takliflarni tayyorlash, hamkorlik formatini belgilash hamda loyihalarni amalga oshirish jadvalini ishlab chiqishni kelishib oldilar.