Ochiq muloqot — amaliy yechimlar sari
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari S. Hamroyev ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan qabul davomida ishchi-xodimlar tomonidan yashash sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, davolanish hamda salomatlikni tiklashga ko‘maklashish, shuningdek, mehnat faoliyati va bandlik bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Tezkor hal etish imkoniyati mavjud bo‘lgan masalalar bo‘yicha joyida amaliy yechimlar qabul qilindi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan arzlar esa tegishli tarkibiy bo‘linmalar va mutaxassislarga biriktirilib, ularning ijrosini ta’minlash uchun aniq muddatlar belgilandi.
Sayyor qabul yakunida kelib tushgan murojaatlar ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlash, ularning bajarilishini tizimli nazorat qilib borish hamda qabul qilingan qarorlar yuzasidan murojaatchilarni o‘z vaqtida xabardor etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.