April 7

“O‘zbekneftgaz”: Qayta ishlashda ijobiy dinamika

“O‘zbekneftgaz” AJda “Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qazib chiqarish va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar o‘z natijasini bera boshladi.

Shu vaqtga qadar uglevodorodlarni qazib chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish uchun 13 ta quduqda burg‘ilash ishlari, 9 ta quduqda kapital ta’mirlash va 5 ta texnologik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jamiyat tomonidan aksariyat ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ijobiy o‘sish sur’atlari ta’minlandi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash uchun “O‘zbekneftgaz”AJ va uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan 152,9 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, reja ko‘rsatkichlari ijrosi 110,7 foizga bajarildi.

Suyuq uglevodorodlar yo‘nalishida esa ijobiy natijalarga erishilib, reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilganini ko‘rish mumkin. Jumladan neft qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlari 126,8 foizga, kondensat qazib chiqarish ko‘rsatkichlari 112,3 foizga ijrosi ta’minlandi.

Aholi va iqtisodiy subyektlarning neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini o‘z vaqtida qondirish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan neft mahsulotlarini ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari 101,3 foizga bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 131,6 foizga ta’minlandi.

Xususan, hisobot davrida avtobenzin ishlab chiqarish rejasi 257,6 ming tonna belgilangan bo‘lib, amalda 263,0 ming tonna ishlab chiqarilib, reja ko‘rsatkichlari 102,1 foizga yoki o‘sish sur’ati 100,0 foizga ta’minlandi.

Shuningdek, 157,5 ming tonna dizel ishlab chiqarilib, reja 100,0 foizga yoki o‘sish sur’atining 283,3 foizga bajarilishiga erishildi.

Bundan tashqari, yillar davomida qish mavsumida deyarli faoliyat ko‘rsatmagan GTL zavodi tomonidan o‘tgan davr mobaynida sintetik mahsulotlar ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari 100,8 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati keskin 169,3 foizga oshdi.

Jumladan, sintetik dizel yonilg‘isi 106,4 ming tonna yoki o‘sish sur’ati 165,2 foizga, sintetik kerosin 44,4 ming tonna yoki o‘sish sur’ati 183,8 foizga, sintetik nafta 61,7 ming tonna ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 167,1 foizni tashkil qildi.

Mamlakatimiz yirik sanoat korxonalari ehtiyojini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida oltingugurt mahsuloti ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining ijrosi 122,5 foizga yetkazildi va ommaviy birja savdolariga muntazam ravishda chiqarib borilmoqda.

Shuningdek, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan polietilen ishlab chiqarish hajmlarida ham keskin o‘sish kuzatilib, reja ko‘rsatkichlari 103,9 foizga bajarildi va o‘sish sur’ati 100,6 foizni tashkil qildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati