“Burintex” bilan yangi bosqichdagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi
Poytaxtda o‘tkazilayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov “Burintex” kompaniyasi rahbariyati bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab tomonlar amaldagi kelishuvlar ijrosini muhokama qilib, o‘zaro hamkorlikda ijobiy dinamika kuzatilayotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, neft va gaz quduqlarini burg‘ilash hamda ta’mirlashda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot chog‘ida hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, yangi avlod burg‘ilash uskunalarini O‘zbekiston hududiga jalb etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish va ularning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar. Ushbu hujjat o‘zaro hamkorlikning aniq bosqichlari va amalga oshirish muddatlarini belgilab beradi.
Qayd etish joizki, “Burintex” — quduqlarni burg‘ilash va ta’mirlash uchun uskunalar, asboblar hamda kimyoviy reagentlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonasi hisoblanadi.