Yesterday

“O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) vitse-prezidenti Sun Dayun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlari tomonidan yaratilayotgan qulay muhit energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanligi ta’kidlandi.

Tomonlar joriy yil fevral oyida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati hamda "CNPC" Direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalari hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaganini qayd etdilar.

Muloqotda bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJning Xitoy kompaniyalari bilan amalga oshirayotgan qo‘shma loyihalari, shartnomalari va servis xizmatlari sur’atining oshgani ta’kidlandi. Ushbu hamkorlikning salmoqli qismi "CNPC" tarkibidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Muzokaralar davomida “Asia Trans Gas” qo‘shma korxonasi faoliyati, tabiiy gaz transporti sohasida erishilgan natijalar, shuningdek, “New Silk Road” qo‘shma korxonasi tomonidan uglevodorod konlarini o‘zlashtirish ishlarining bugungi holati ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, Ustyurt mintaqasida 30 ta chuqur izlov qudug‘ini burg‘ilash loyihasining borishi muhokama qilinib, qurilmalarni tezroq mobilizatsiya qilish, montaj ishlarini jadallashtirish hamda burg‘ilash ishlarini belgilangan muddatlarda boshlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi texnogen avariyani bartaraf etish bo‘yicha "CCDC" kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham fikr almashildi. Loyihani o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun zarur texnika, mutaxassislar va resurslarni to‘liq safarbar etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar o‘zaro ishonch va ko‘p yillik samarali hamkorlik ikki kompaniya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda neft-gaz sohasida uzoq muddatli sheriklikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida belgilangan loyihalar ijrosini jadallashtirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati