95,4 milliard so‘mlik zarar o‘rniga 25,2 milliardlik foyda: neft bazalar ilk bor sof foydaga chiqdi
Yillar davomida yo‘qotishlar, talon-torojlik va surunkali moliyaviy zararlar neft bazalari tizimining eng og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib kelgan. Yil boshida "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi neft bazalarning atigi uchtasi foyda bilan ishlagan. Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi va ijrosi ustidan qat’iy nazorati natijasida to‘qqiz oyda foyda bilan ishlayotgan bazalar soni 13 taga yetdi. Eng muhimi, 95,4 milliard so‘mlik zarar o‘rnini 25,2 milliard so‘m sof foyda egalladi. Moliyaviy tushumlar va tejalgan mablag‘lar 530,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Neft bazalar tarixida ilk bor qayd etilgan bu natija tizimdagi islohotlar amalda moliyaviy samara berayotganini ko‘rsatdi.
“Kuchlik neft bazasi” MCHJda Boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Xudoyberganov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu keskin burilishni ta’minlagan omillar atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalarni mustahkamlash hamda yil yakuniga qadar bajarilishi shart bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Bugun mazkur tizim respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan yirik tarmoqqa aylangan. Uning tarkibida 14 ta neft baza, 62 ta obyekt va 355 ta shoxobcha, jumladan, 152 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda.
Kunlik savdo hajmi qariyb besh baravar oshdi
Hisobot davrida neft bazalar orqali 191 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘p bo‘lib, tizimdagi savdo faolligi sezilarli oshganini ko‘rsatadi. AYOQSHlardagi kunlik savdo hajmi esa yil boshidagi 245 ming litrdan 1 million 237 ming litrga yetdi — qariyb besh baravar o‘sish qayd etildi. Tarmoqdagi o‘zgarishlar ham bu sur’atni qo‘llab-quvvatladi. 121 ta FYOTSH zamonaviy AYOQSHga aylantirildi, 56 ta shoxobchaga 87 ta yangi yoqilg‘i tarqatish uskunasi o‘rnatildi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi kreditor qarzdorlik 296,7 mlrd so‘mga, iste’molchilarning debitor qarzdorligi 56,8 mlrd so‘mga qisqartirildi. Shtatlarni optimallashtirish doirasida 986 ta shtat birligi qisqartirilib, 194,2 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga erishildi.
Videokuzatuv va raqamli nazorat: 60 ta AYOQSH qamrab olindi
Abdug‘ani Sanginov yil boshida boshlagan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri neft bazalardagi savdo va hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda korrupsiyaviy xavflarni cheklashdan iborat edi. Shu maqsadda 60 ta AYOQSH videokuzatuv tizimi bilan ta’minlanib, ularning 10 tasi Markaziy apparatda tashkil etilgan vaziyatlar markaziga integratsiya qilindi, qolganlarida ham raqamlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Markazdan to‘g‘ridan to‘g‘ri nazorat qilish mahsulot harakati va savdo hisobini shaffof yuritish, qoidabuzarliklarning oldini olish hamda har bir operatsiya uchun mas’uliyatni oshirish imkonini bermoqda. Natijada boshqaruvda subyektiv qarorlar ta’sirini kamaytirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va tizimda sog‘lom ish muhitini shakllantirish uchun zarur sharoit yaratilmoqda.
270,2 milliard so‘m: mablag‘lar qaysi maqsadlarga yo‘naltiriladi?
Yig‘ilishda yil yakunigacha neft bazalar faoliyatida yangi natijalarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, 1 noyabrdan kunlik yoqilg‘i savdosini 1,5 million litrga yetkazish, to‘rtinchi chorakda yana 28 ta shoxobchani “O‘zbekneftgaz” brendi ostidagi zamonaviy AYOQSHga aylantirish va propan savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Tovar-xom ashyo birjasi orqali 100 kilogrammdan 10 tonnagacha bo‘lgan kichik lotlarda mahsulot sotishni tashkil etish esa xaridorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tizim faoliyati tarixida ilk bor joriy yilda tegishli tashkilotlar tomonidan neft mahsulotlarini saqlash uchun to‘langan 270,2 milliard so‘m mablag‘ni rekonstruksiya va raqamlashtirish ishlariga, shuningdek, Buxoro NQIZ oldidagi qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltirish belgilandi.
Islohotlar samarasi xodimlarni rag‘batlantirish tizimida ham aks etadi. Faoliyatini sof foyda bilan yakunlagan neft bazalar xodimlarining ish haqini 2027 yil 1 yanvardan 20 foizgacha oshirish, AYOQSH operatorlarini esa KPI asosida rag‘batlantirish belgilandi.