February 6

Yer qa’ri issiqligi — yangi energiya manbai

Рус

“O‘ZLITINEFTGAZ” AJ tomonidan O‘zbekiston tarixida ilk bor Geotermal energetika bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazildi.

Tadbir Xalqaro geotermal assotsiatsiya (International Geothermal Association — IGA) tashabbusi bilan tashkil etildi va geotermal texnologiyalarni rivojlantirish hamda amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.

Forumda IGA tarkibiga kiruvchi “Arctic Green Energy”, “Paetoro Consulting UK Ltd.”, “Green Chemicals” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar vakillari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, energetika va loyiha tashkilotlari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro forumning o‘tkazilishi mamlakatda barqaror rivojlanish, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tadbir davomida mahalliy va xorijiy kompaniyalar rahbarlari hamda sohaning yetakchi mutaxassislari geotermal energetika loyihalarini ishlab chiqish, investitsiya jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ma’ruzalar bilan chiqish qildi.

Muhokamalarda O‘zbekistonning geotermal salohiyati, geotermal energiyadan isitish tizimlari, qishloq xo‘jaligi va sanoatda foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, pilot va yirik loyihalarni amalga oshirish shart-sharoitlari keng yoritildi. Normativ-huquqiy tartibga solish va xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Forum ishtirokchilari 4 000 – 6 000 metr chuqurlikda Yer issiqligi 70°C dan 300°C gacha yetishi mumkinligi, bu esa issiqlik ta’minoti va kelajakda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun katta imkoniyat yaratishini ta’kidladilar. Geotermal energiyaning umumiy potensiali hozirgi foydalanilayotgan hajmdan ancha yuqori ekani, texnik imkoniyatlar esa hali to‘liq o‘rganib chiqilayotgani qayd etildi.

Mutaxassislarning qayd etishlaricha, O‘zbekistonda geotermal energiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri issiqlik foydalanishdan tortib, yirik generatsiya loyihalariga o‘tish uchun zarur resurs bazasi mavjud.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati