AQSH kompaniyasi bilan hamkorlikning yangi bosqichi muhokama qilindi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov AQSHning “INOVA2 kompaniyasi rahbari Fernando Ernandes bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida “INOVA" hamda “O‘zbekgeofizika” korxonasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik e’tirof etildi. Shuningdek, AQSH kompaniyasining seysmik texnologiyalar ishlab chiqarish sohasidagi jahon miqyosidagi nufuzi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda “O‘zbekgeofizika” faoliyatini isloh qilish, uni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, zamonaviy simsiz seysmik texnologiyalarni geologiya-qidiruv ishlariga jalb qilish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar AQSH kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari, boy tajribasi va innovatsion yondashuvlarini “O‘zbekneftgaz” AJga tatbiq etishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirib, seysmik razvedka sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli loyihalarni keng muhokama qilish bo‘yicha kelishib oldilar.