November 26, 2025

“MEHNAT XAVFSIZLIGI VA GIGIENASI” MAVZUSIDA AMALIY SEMINAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 17-oktabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan 26-noyabr kuni “O‘zmetkombinat” AJga qarashli “Metallurg” madaniyat saroyida “Mehnat xavfsizligi va gigienasi” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari O‘.Rashidov, O‘zbekiston Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi M.Sagdullayev, Toshkent viloyati bandlik bosh boshqarmasi Mehnat inspeksiyasi davlat inspektori O‘.O‘sarov, “O‘zmetkombinat” AJ Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofaza departamenti direktori A.Uzakov, “O‘zmetkombinat” AJ Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi E.Veliullayeva, “O‘zmetkombinat” AJ tizimida faoliyat yurituvchi mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ul xodimlar, mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillar va tsex kasaba uyushma qo‘mitasi raislari ishtirok etdi.

Seminarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari O‘.Rashidov kirish so‘zi bilan ochib, insonlarning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiena va davolash-profilaktika tadbirlari tizimini yo‘lga qo‘yish, ishchi-xodimlarga zarur shart-sharoitlar yaratilishida ish beruvchilar hamda kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha atroflicha fikr bildirdi.

Seminar davomida so‘zga chiqqanlar ish joyidagi mehnat xavfsizligi va gigienasi, xodimlar uchun xavfsiz, sog‘lom va qulay mehnat sharoiti yaratishga qaratilgan qoidalar, ish jarayonida xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetmaslik, jarohatlanishlar, kasbiy kasalliklar va favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritib, o‘zaro tajriba almashdilar.

Seminarning ikkinchi qismida ishtirokchilar “O‘zmetkombinat” AJ muzeyi hamda mehnat muhofazasiga oid ko‘rgazmali qurollar bilan tanishdilar.