YOSHLAR OYLIGI DOIRASIDA “QUVNOQLAR VA ZUKKOLAR” TANLOVI TASHKIL ETILDI
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalaridan iborat jamoalar o‘rtasida “Yoshlar oyligi” hamda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati kubogi tashkil etildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda jamiyat hayotiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchi jamoalarga omad tiladi. Shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib, “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi ham ana shunday loyihalardan biri ekanligini ta’kidlandi.
Ko‘rik-tanlov davomida jamoalar “Toshkent viloyatida nima gaplar?”, “Hakamlar bilan savol-javob” va “Musiqiy chiqish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Jamoalarning sahna chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Hazil-mutoyiba, ijodkorlik va zukkolik uyg‘unlashgan chiqishlar tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi. Ishtirokchilarning chiqishlari viloyat madaniyat va san’at sohasi xodimlari, kasaba uyushmalari mutaxassislari hamda jamoatchilik faollaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Chirchiq davlat pedagogika universitetining “Parvoz” jamoasi 1-o‘rinni egallab, Toshkent viloyati kubogini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Toshkent davlat agrar universitetining “Yangi yulduzlar” jamoasiga, 3-o‘rin esa Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetining “Amakivachchalar” jamoasiga nasib etdi.
Ko‘rik-tanlov yakunida g‘olib va ishtirokchilar diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.