November 5, 2025

“O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARINING 120 YILLIGI” ESDALIK NISHONLARI TOPSHIRILDI

2020-yil 20-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, 11 noyabr – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni etib belgilangan bo‘lib, qolaversa joriy yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari harakati tashkil topganiga 120 yil to‘ladi. Ushbu shodiyonalar munosabati bilan yurtimizda kasaba uyushmalari faollari va faxriylari taqdirlanmoqda.

Shunday tadbirlardan biri 5-noyabr kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayzieva, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Normirzaeva, “Olmalik KMK” AJ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Xaydarov, “Olmaliq KMK” AJ kasaba uyushma tashkilotining faol a’zolari, viloyatdagi bir qator korxona va tashkilotlar boshlang‘ich kasaba uyushmalari raislari va faollari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayzieva kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan 11 noyabr – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni hamda kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami munosabati bilan tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 17 oktyabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslarga alohida to‘xtalib, “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi!” degan tamoyilning bugungi kundagi ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kasaba uyushmalari faoliyatining jamiyat hayotida tutgan o‘rni, mehnatkashlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini himoya qilishda ko‘rsatayotgan fidoyiligi va jonkuyarligini e’tirof etdi.

Tadbir davomida “Olmaliq KMK” AJ, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi, Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati Kengashi tizimidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan jami 42 nafar kasaba uyushmalari faollariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir kunning ikkinchi yarmida ham davom ettirildi. Unda Nuroniy jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari A.Nosirov, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari R.Sheraliev, viloyatdagi turli darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlari faollari ishtirok etdi.

Tadbir davomida 31 nafar kasaba uyushmalari faollariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Kasaba uyushmalari haqidagi eng yaxshi mavzu” tanlovining 4 ta yo‘nalishi bo‘ycha g‘oliblar va tanlovda faol ishtirok etganlarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan viloyatdagi muassasalarda faoliyat yuritayotgan 10 nafar tibbiyot xodimlariga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “Umid gulshani” hamda “Ko‘hinur” sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar topshirildi.