NAVOIY VA BOBUR – MILLIY TAFAKKUR VA MA’NAVIYATIMIZNING IKKI BUYUK USTUNI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamkorligida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan “Navoiy va Bobur – milliy tafakkur va ma’naviyatimizning ikki buyuk ustuni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, fan arbobi G‘.Muxamedov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva hamda Gumanitar fanlar fakulteti talabalari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir milliy adabiyotimiz va boy ma’naviy merosimizni keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, tarixga hurmat, ezgulik, adolat hamda yuksak insoniy fazilatlarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirni G‘.Muxamedov va S.Fayziyeva kirish so‘zi bilan ochib, Navoiy hamda Bobur merosini o‘rganish har birimiz uchun ma’naviy mas’uliyat ekanini, ularning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab kelayotganini, mazkur asarlarning yuksak tarbiyaviy ahamiyatga egaligini ta’kidladilar.
Shundan so‘ng Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti A.Tilovov hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri N.Xoliqova tomonidan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti hamda ijodi yuzasidan yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.
Dastur doirasida mumtoz adabiyot namunalari asosida badiiy chiqishlar namoyish etilib, Navoiy hamda Boburning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Shuningdek, universitetning bir qator faol talabalari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan bir yillik “Mutolaa Premium” obunasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yakunda universitet rektori hamkorlik uchun Kengash raisi S.Fayziyevaga minnatdorlik bildirib, esdalik sovg‘alarini topshirdi.