April 8

SPORT – SALOMATLIK GAROVI: YOSHLAR O‘RTASIDA MUSOBAQALAR O‘TKAZILDI

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorligida 7-aprel – “Butunjahon salomatlik kuni” munosabati bilan yoshlar o‘rtasida sportning suzish, badminton, shaxmat va stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Mazkur musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni jismoniy faollikka jalb etish hamda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari L.Xolmuminova, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori, professor Sh.Mirzanov, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati birlashgan qo‘mitasi raisi R.Tojiboyev ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Butunjahon salomatlik kunining ahamiyati, uning inson salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni, shuningdek, mamlakatimizda aholining sog‘lig‘ini asrash, sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirishda kasaba uyushmalarining faol ishtiroki muhim ekanligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng sport musobaqalariga start berildi. Yoshlar sportning 4 ta turi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. O‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida alohida tashkil etilgan bahslar yuqori sport ruhida, qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Ishtirokchilar o‘z mahorati, chaqqonligi hamda sportga bo‘lgan intilishini namoyon etdilar.

Musobaqalar yakunida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan yoshlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqalarda faol ishtirok etgan yoshlarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda jamoalar o‘rtasida do‘stona muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.