MAHALLALAR TARAQQIYOTIGA HISSA QO‘SHGAN KEKSALARGA HURMAT
Ma’lumki so‘nggi yillarda yurtimizda og‘ir toifadagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini samarali tashkil etish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash ezgu an’anaga aylandi.
Toshkent viloyatida ham ushbu ezgu amal davom ettirilib, joriy yilda Bo‘ka tumanidagi “Qo‘ldoshtepa” va “Navobod” mahallalarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Xususan, ushbu ikki mahalladagi 1088 ta xonadonning fasad qismi to‘liq ta’mirlandi. 9 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari zamonaviy qiyofaga keltirildi. 3,3 km piyodalar yo‘lagi qurib bitkazildi. Aholiga ichimlik suvi yetkazib berish uchun 12 km suv quvurlari montaj qilinib, 10 dona quduq o‘rnatildi. 3 ta suv quduqlariga 30 KVt quyosh panellari bilan ta’minlandi. 2 ta qabriston obodonlashtirilib, markaziy ko‘chaga 600 tupdan oshiq manzarali ko‘chatlar ekildi. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ko‘chalarga 14 ta zamonaviy kuzatuv kameralari, 72 ta ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatildi. “Navobod” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida kutubxona tashkil etilib, 1000 dona badiiy kitoblar taqdim etildi. 646 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 20 nafar xotin-qizlar kasbga o‘qitildi. Bugungi kunda mahallalar qiyofasini yangilash, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, aholiga yangi qulayliklar yaratish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Ushbu hayrli ishlarda “Qo‘ldoshtepa” va “Navobod” mahallalarida bir guruh keksa avlod vakillari ibrat namunasi o‘laroq aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishda faollik ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Bo‘ka tumanidagi “Qo‘ldoshtepa” va “Navobod” mahallalarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etishda faollik ko‘rsatayotgan 20 nafar keksa avlod vakillariga salomatligini tiklash uchun Parkent tumanidagi “Zarkent” sanatoriysiga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.
Joriy yilning 10 dekabr kuni dastlab nuroniylar Bo‘ka tumani hokimiyatida kutib olindi. Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari R.Sheraliyev ishtirok etib, nuroniylarning jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, odamlarda bugungi farovon va tinch hayotdan shukronalik xissini uyg‘otishga qo‘shayotgan hissalari e’tirof etildi. Shundan so‘ng nuroniylar Parkent tumanidagi “Zarkent” sanatoriysiga kuzatildi.
Sanatoriyda nuroniylar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi mas’ullari, sanatoriy ishchi-xodimlari hamda bir guruh faol yoshlar hamrohligida zamonaviy qulayliklarga ega xonalarga joylashtirildi.
Keksa avlod vakillari sanatoriyda 10 kun davomida malakali shifokorlar nazorati ostida, tibbiyotning ilg‘or yutuqlari asosida muolajalar olib, salomatligini tiklashadi.