O’zining aytishiga ko‘ra "nafis adabiyot muallimi" o‘rtoq Boqijon Baqoev og‘ilga kirib ta’bi xira bo‘ldi: sigirning qulog‘iga yana kana tushibdi! Kanadan ham ko‘ra sigir uning achchig‘ini keltirdi: kanani teray desa qo‘ymaydi — boshini silkiydi, pishqiradi. — Hayvon! Sigir emas, hayvon! — dedi og‘ilning eshigini qattiq yopib.— Hayvon! Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi. — Hayvon! — dedi Baqoev,— bu sigirni sotib puliga cho‘chqa olish kerak! — Shaharda cho‘chqa asrash mumkin emas,— dedi Mukarram samovarga ko‘mir solayotib. — Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men ay-tib edimmi? To‘g‘ri, mumkin emas... albatta, mumkin emas... — Uyga kiring, Hamida keldi. Hamida o‘n olti yoshlardagi tirik, quvnoq qiz, pochchasini ko‘rib...