Guardian
Jimin rulni shu qadar qattiq siqib ushlagandiki, barmoq bo‘g‘imlari oqarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshlagandi. Uning nigohi oldindagi yo‘lga qadalgan bo‘lsa-da, aslida u hech narsani ko‘rmayotgandek edi. Ko‘z oldida faqat birgina manzara — Hyerinning o‘sha kamsitilgan, qorachig‘larini daxshat va umidsizlik egallagan nigohi aylanardi.
Uning yonidagi o‘rindiqda o‘tirgan Hyerin o'zini olib qochgandek nigohini oyna tomon qaratib olgandi. Qora ipak ko‘ylagining chetlari o‘rindiq uzra tartibsiz yoyilgan, o‘sha nafis marjon esa oy nurida hamon zaifgina porlab turardi. Qizning yuzida na yosh, na biror xissiyot asari bor edi. U butunlay muzlab qolgandek, vujudidagi jon allaqachon tark etgandek jim edi. Faqat boyagi yaramas yigit mahkam qisgan bilagida qizarib boshlagan izlar uning badani hamon tirikligidan nishona berardi.
Jimin mashinani keskin to‘xtatdi. Bu shahar chetidagi tepalik bo‘lib, bu yerdan butun shahar chiroqlari xuddi pastga to‘kilgan yulduzlar kabi ko‘rinar edi. U chuqur nafas olib, rulga peshonasini qo‘ydi. Ichidagi g‘azab va pushaymonlik uni tiriklayin kemirayotgandi.
— Hyerin… — uning ovozi bo‘g‘iq, deyarli pichirlash ohangida chiqdi. Bu ism yigitning lablaridan necha yillardan beri chiqqan bo‘lsa, hech qachon bugungidek og‘riqli yangramagan edi.
Qiz o‘girilmadi. Deraza oynasidagi o‘z aksiga tikilgancha jim turaverdi.
— Menga qara, iltimos, — Jimin qiz tomon burildi. Uning qo‘llari beixtiyor Hyerinning yelkasiga uzatildi, ammo o‘sha tundagi va boyagi bazmdagi voqealar zanjiri uning qo‘llarini havoda to‘xtashga majbur qildi. U endi qizga shunchaki teginishga ham o‘zini haqsiz deb hisoblayotgandi. — Bilaging… og‘riyaptimi?
Hyerin sekin nigohini oynadan uzib, Jiminga qaratdi. Uning ko‘zlari shunchalik hissiyotsiz ediki, Jimin bu nigoh qarshisida o‘zini dunyodagi eng tuban insondek his qildi.
— Qaysi og‘riqni so‘rayapsiz, Jimin amaki ? — Qiz "amaki" so‘zini aytganda lablarida zaharxandali chehra paydo bo‘ldi. Bu so‘z endi ular o‘rtasidagi bo'lgan. rishta emas, balki eng baland va o‘tib bo‘lmas devor kabi tuyilib ketdi. — Bilagimdagimi yoki anavi iflos davrada hamma menga nafrat va jirkanish bilan qaraganda vayron bo'lgan qalbimdagi og'riqmi?
— Men… men bunday bo‘lishini bilmagandim. Heyonning bu qadar past ketishini tasavvur qilmagandim, — Jimin eshikka suyangancha qo‘llari bilan yuzini berkitdi. — Seni asramoqchi edim. Seni o‘sha davraga olib bormasligim kerak edi.
— Meni asramoqchi edingiz? — Hyerinning ovozi birdan ko‘tarildi, garchi yig‘lamayotgan bo‘lsa-da, ovozidagi titroq har qanday yig‘idan-da daxshatliroq edi. — Siz meni kimdan asramoqchi edingiz? Anavi insonlardanmi? Yoki o‘zingizdanmi? Menga qarang, Park Jimin! Siz meni o‘sha uydan, o‘zingizdan uzoqlashtirish uchun o‘yin qilmadingizmi? Men hammasini ko‘rdim!
Jimin bamisoli chaqmoq urgandek qotib qoldi. Uning keng kyoyilgan ko'ksi yurak urishining tartibsizligi tez-tez ko‘tarilib tushar, ko‘zlarida daxshat aks etgandi.
— Nimani… nimani ko‘rding?
— O‘sha tunda. Siz AQShdan qaytgan kuningiz yarim kechasi. Oshxonada Heyon bilan qanday turganingizni, uni qanday bag‘ringizga bosib… o‘pganingizni ko‘rdim! — Hyerinning ko‘zlaridan nihoyat qaynoq yosh quyilib tushdi. U bir necha kun ichida to‘planib qolgan barcha alamini to‘kib solayotgandi. — Men o‘sha tunda sizni ko'rishni istagandim. Men sizni sog‘inib pastga tushdim. Siz esa… siz mening ko‘z oldimda mening butun dunoyimni yakson qildingiz. Agar mendan nafratlansangiz, agar meni o‘zingizga yuk deb bilsangiz, nega buni ochiq aytmadingiz? Nega begona bir ayolni uyga olib kelib, meni tiriklayin o‘ldirdingiz?
Jimin ortiq chiday olmadi. U qizning ikki yelkasidan mahkam qisib, o‘ziga qaratdi. Uning ham ko‘zlarida yosh qalqirdi, ammo bu yoshlarda yashirin tuyg‘ularning olovi porlab turardi.
— Chunki sen meni sevasan, Hyerin! — dedi yigit titroq egallayotkan lablarini qimtiganicha— Sening o‘sha tug‘ilgan kuningda aytgan gaplaring… menga sening kelajagingni barbod qiladigandek tuyuldi. Men sening amakingman! Bizning birga bo‘lishimiz xato, tushunyapsanmi? Dunyo buni qabul qilmaydi.
Men seni o‘zimdan, mening dunoyimdan asrashim kerak edi. Heyon bilan hamma narsa faqat o‘yin edi! Men uni hech qachon sevmaganman, hech qachon unga teginmaganman ham! Faqat sendan nafratlanishimni istashing uchun, mendan ko‘ngling qolib, o‘z hayotingni qurishing uchun shunday qildim!
Hyerin eshitgan gaplaridan nafasini ichiga yutib yubordi. Yelkalari Jiminning ulkan qo‘llari ostida titrar, ko‘z yoshlari yanoqlari bo‘ylab simobdek oqardi.
— O‘yin?.. — pichirladi u, quloqlariga ishongisi kelmay. — Demak, barchasi sahna ko‘rinishi edimi? Men chekkan azoblar, har kecha yostiqni tishlab yig‘laganlarim… shunchaki sizning rejangizmidi?
— Hyerin… — Jimin birdan qizga yaiqnlashdi shu vaqtda ularning nafaslari bir-biriga urila boshladi. Yigitning nigohida o‘sha yillar davomida yashirib kelingan, zanjirlangan ulkan muhabbat va uning ortidagi cheksiz pushaymonlik qalqib turardi. — Men boshqa yo‘l topolmadim. Seni o‘zimga bog‘lab, hayotingni zulmatga aylantirishdan qo‘rqdim. Ammo bugun… bugun men xato qilganimni angladim. Seni asrayman deb, eng katta jarohatni o‘zim yetkazdim.
Hyerin sekin Jiminning qo‘llarini yelkalaridan uzdi. Uning nigohida endi avvalgi beguborlik yo‘q edi. U chindan ham bir necha kun ichida yillarga ulg‘aygandek edi.
— Siz meni asramadingiz, Jimin. Siz shunchaki qo‘rqoqlik qildingiz, — dedi u ko'z yoshlar xira qilib qo'ygan ko'zlarini yigitga tikkancha— O‘z tuyg‘ularingizdan, odamlarning gapidan qo‘rqdingiz. Va buning badalini menga to‘latdingiz. Endi esa hammasi kech. Men baribir ketaman. Germaniyaga ketish qarorim o‘zgarmaydi.
Jiminning yuragi qafasga solingan qushdek gupillab urdi. "Ketaman" so‘zini eshitishi bilanoq qalbida og'irlikni xis qila boshladi. U qizning ketishini o‘zi xohlagandi, ammo hozir bu haqiqat uning butun borlig‘ini parchalayotkandi.
----
Uyga yetib kelishganida tun yarmiga kelib qolgandi. Darvoza oldida Heyonning yuk xaltalari va kiyimlari tartibsiz ravishda sochilib yotardi. Lia xola eshik oldida tizza bo'yi egilganicha havotir bilan kutar, uning ortida esa ikki nafar qo‘riqchi jim turardi. Jimin mashinadan tushib, Hyeringa eshikni ochishga ulgurmasidan, qiz o‘zi tushib, uying ichiga qarab yurdi. U na darvoza oldidagi narsalarga, na atrofdagilarga qaradi.
Jimin Lia xolaga qisqa qilib buyruq berdi:
— Anavini narsalarini bu yerdan yo‘qotinglar. Va u yana bu uyning ostonasiga qadam bossa, o‘zingizni ishdan ketdim deb hisoblayvering.
— Tushunarli, janob — Lia xola bosh egdi. Uning ko‘zlarida Hyeringa nisbatan chuqur achinish va ayni paytda Jiminning bu qaroridan yengil tin olish bor edi.
Jimin ichkariga kirdi. Uy ichi yana o‘sha sokin va keng ko‘rinishiga qaytgan bo‘lsa-da, endi bu devorlar orasida oldingi iliqlikni topish qiyin edi. U yuqoriga, Hyerinning xonasi tomon qaradi. Eshik mahkam yopilgan, tagidan hech qanday nur ko‘rinmasdi.
Yigit o‘z xonasiga kirdi. Kostyumini yechib, karavot chetiga o‘tirdi. Qo‘llari bilan sochni ortga tarar ekan, zaldagi o‘sha sahna — anavi yaramasning Hyerinni majburlayotgani ko‘z oldidan ketmasdi. Agar bir necha soniya kechikkanida, qizning toza nomiga qanday dog‘ tushishini o‘ylab, tanasi muzlab ketdi. U Heyonni shunchaki haydagani bilan qutulganidan norozi edi, uning ichidagi qasos olovi hali so‘nmagandi.
Shu payt uning shaxsiy telefoni jiringladi. Bu uning yordamchisi edi.
— Gapir, — dedi Jimin qat’iy.
— Janob Jimin, siz aytganingizdek, Heyon xonimning kompaniyasi haqidagi barcha moliyaviy hujjatlarni tekshirib chiqdik. Ular bankrotlik yoqasida turibdi. Siz kiritishi kerak bo‘lgan sarmoya ularning so‘nggi umidi edi. Qolaversa, Heyonning AQShdagi o‘tmishi ham toza emasligi ma’lum bo‘ldi. U yerda bir nechta firibgarlik ishlariga aloqadorligi bor.
Jiminning lablarida sovuq tabassum paydo bo‘ldi.
— Juda soz. Ertaga ertalabdan barcha kelishuvlarni bekor qiling. Ularning aksiyalarini bozor qiymatidan past narxda sotib olishni boshlang. Bir hafta ichida Heyon ismli ayol bu shaharda hech kim bo‘lmay qolsin. Tushunarlimi?
— Tushunarli, janob.
Telefonni o‘chirgach, Jimin deraza oldiga bordi. Hyerinning xonasi uning xonasi bilan bitta ayvonga tutashgan edi. U ayvonga chiqdi. Oktyabrning mayin shamoli uning yuziga urildi. Bir necha qadam narida Hyerinning xonasi oynasi turardi. Qiz ichkarida chiroqni yoqmagan bo‘lsa-da, Jimin uning uxlmayotganini aniq bilardi.
U sekin qadamlar bilan qizning eshik ostonasiga yaqinlashdi. Pardalar biroz ochiq bo‘lib, ichkariga oy nuri tushib turardi. Hyerin o‘sha qora ko‘ylagida, karavot chetida o‘tirgancha, qo‘lidagi kichik rasm daftariga nimadir chizardi. Uning yuzini sochlari to‘sib turar, oy nurida faqatgina qo‘lining harakatlari va bo‘ynidagi marjonning porlashi ko‘rinar edi.
Jimin oynani sekin chertmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘lini qaytarib oldi. U endi nima deyishni, qanday qilib qizning ishonchini qaytarishni bilmasdi. U o‘zining haqiqatlarini aytdi, lekin bu haqiqatlar Hyerinning qalbini davolay olmasdi, aksincha u yerdagi chandiqlarni yanada chuqurlashtirgandi.
— Kechir beni, mitti malikam… — pichirladi Jimin, shamol uning ovozini uzoqlarga olib ketishini bilgan holda. — Seni yo‘qotishdan qanchalik qo‘rqqanimni bilganingda edi…
Ichkarida Hyerin bir muddat ishlashdan to‘xtadi. U go‘yo tashqaridagi nafasni eshitgandek, boshini sekin deraza tomon burdi. Ammo tashqarida hech kim yo‘q edi, Jimin allaqachon zulmatga qorishib, o‘z xonasiga kirib ketgandi. Qiz daftarga qaradi. Unda qora bo‘yoqlar bilan chizilgan, zanjirlangan va bir-biriga qo‘l uzatayotgan ikki insonning surati aks etgandi. Ularning yuzlari aniq emas edi, ammo ulardan taralayotgan og‘riq va sog‘inch suratning har bir chizig‘idan sezilib turardi.
Ertangi kun ularga nima olib kelishini hech biri bilmasdi, ammo bir narsa aniq edi: ular o‘rtasidagi o‘yin tugagan, ammo haqiqiy sinovlar endi boshlanayotgan edi.
-----
Hyerin qo‘lidagi qalamni asta oq qog‘oz ustiga qo‘ydi. Surat deyarli bitgan, ammo undagi tugallanmagan chiziqlar qizning ichidagi chalkashlikni butunlay aks ettirib turardi. U sekin o‘rnidan turdi-da, oyoq yalang holda deraza yoniga yaqinlashdi. Shisha oynaga peshonasini tirarkan, tashqaridagi zayif qorong‘ulikka tikildi.
U Jiminning ancha vaqtdan buyon tashqarida bo‘lganini, qizni yashirincha kuzatganini ich-ichidan his qilgan edi. Yillar davomida birga yashash, uning har bir nafasini, qadam tovushini va hattoki yuragining sekinlik bilan urishini ham tushunishga o‘rgatgandi.
"Meni chindan ham yaxshi ko'rar ekansiz..." — pichirladi qiz, lablari oynaning sovuq yuzasiga tegib, unda bug‘ hosil qilar ekan. — "Lekin nega bu sevgi meni asrash o‘rniga, qalbimga mislsiz azob berayapti?"
Hyerin qo‘li bilan bo‘ynidagi marjonni mahkam qisdi. Toshning qirralari kaftiga botib, biroz og‘riq berdi. Bu og‘riq unga hali ham hayotda ekanini, hammasi shunchaki dahshatli tush emasligini eslatib turardi. U Jiminning aytgan har bir so‘zini miyasida qayta-qayta aylantirardi. Demak, Heyon bilan bo‘lgan barcha narsa shunchaki teatr edi. Uning rashk olovida yonishi, o‘zini keraksiz his qilishi — hammasi yigitning rejasiga ko‘ra amalga oshgan.
Bir tomondan, uning qalbida yengillik paydo bo‘lgandi; Jimin begona ayolga tegmagan, uni sevmagan. Ammo ikkinchi tomondan, uning tuyg‘ulari bilan bu qadar shafqatsizlarcha o‘ynashganidan g‘ururi toptalgandi. Park Jimin uni o‘zi bilgan tushunchalar qafasiga solib qo‘ygandi. U hamon Hyerinni mustaqil qaror qabul qila olmaydigan, dunyoning sovuq urishlaridan faqat panoh izlaydigan ojiza qizcha deb hisoblardi.
— Men endi o‘sha kichkina qiz emasman, amaki, — dedi Hyerin qat’iyat bilan, garchi xonada uning ovozidan bo‘lak hech qanday sado bo‘lmasa-da. — Buni sizga isbotlayman.
U tanasida qolgan so'nggi kuchi bilan o‘zini to‘shakka otdi va ko‘zlarini yumdi. Ertaga uni so‘nggi imtihonlar va Germaniyaga ketish uchun tayyorgarlikning yangi bosqichi kutmoqda edi.
Xuddi shu paytda, devorning narigi tomonida, Jimin o‘z kabinetidagi ulkan kresloga o‘tirgancha, stolda turgan to‘q rangli suyuqlik to‘la qadahga tikilib o‘tirardi. U chiroqlarni yoqmagandi. Faqatgina shahar chiroqlari va oy nuri xonaning burchaklariga xira yorug'lik tashlab turardi.
U qo‘lidagi qadahni bir simirib bo‘shatdi-da, uni stol ustiga qattiq qo‘ydi. Ichimlik tomog‘ini kuydirib o‘tdi, ammo ichidagi yonayotgan olovni so‘ndira olmadi. Hyerinning mashinada aytgan har bir so‘zi uning qulog‘i ostida yangrardi: *"Siz shunchaki qo‘rqoqlik qildingiz..."*
- U haq — deb o‘yladi yigit, mushtlarini tugib. — Men chindan ham qo‘rqdim. Sening pokligingni o‘zimning bulg‘angan dunoyim bilan kirlatishdan qo‘rqdim.
U kompaniyadagi raqobatchilar, sovuq biznes o‘yinlari va har qadamda poylab turgan xavf-xatarlar orasida yashashga odatlangandi. Ammo Hyerin uning hayotidagi yagona toza, teginishga ham hayo qiladigan muqaddas xazinasi edi. Uni asrash uchun u barcha narsaga, hattoki o‘z sevgisining tomiriga bolta urishga ham tayyor edi. Biroq, bugungi bazm unga bir haqiqatni ko‘rsatdi: u qizni qanchalik o‘zidan itarmasin, uning dushmanlari va atrofdagi iflos dunyo barbir qizga zarar yetkazishga urinar ekan.
Jimin o‘rnidan turib, kabinet burchagidagi ulkan seyfni ochdi. Ichidan bir nechta maxfiy hujjatlar va Heyon bilan tuzilgan shartnomaning asl nusxasini oldi. U shartnomani ikkiga bo‘lib yirtib tashladi-da, stolda turgan kuldonga tashlab, olov yondirgich yordamida o‘t qo‘ydi. Qog‘ozning yonishidan chiqqan olov bir zumga yigitning shafqatsiz va qat’iy yuzini yoritib turdi.
— Heyon, sen o‘zingga o‘lim hukmini imzolading, — dedi yigit pichirlab. Uning ko‘zlarida endi avvalgi ikkilanishlardan asar ham qolmagan, aksincha, Park Jiminning haqiqiy, yirtqich tabiati uyg‘ongan edi.
----
Ertasi kuni ertalab uydagi muhit tubdan o‘zgargandi. Heyonning barcha narsalari batamom yo‘q qilingan, uy yana avvalgi keng va o‘ta sokin holatiga qaytgandi. Lia xola oshxonada nonushta tayyorlar ekan, uning harakatlarida yengillik sezilardi.
Hyerin zinalardan pastga tushib kelganida, egnida oddiygina oq ko‘ylak va jinsi shim bor edi. Uning sochlari tepaga baland qilib yig‘ilgan, yuzidagi shishlar ham biroz qaytgan bo‘lsa-da, ko‘zlaridagi sovuqlik hamon saqlanib qolgandi. U stol atrofida Jiminni ko‘rdi. Yigit mukammal tikilgan to‘q ko‘k rangli kostyumda o‘tirar, qo‘lida ertalabki gazeta bor edi.
— Xayrli tong, Hyerin, — dedi Jimin gazetani chetga qo‘yib, qizga iliq va biroz aybdorona nigoh bilan boqarkan.
— Xayrli tong, — dedi Hyerin xushmuomalalik bilan, ammo uning ovozida hech qanday iliqlik yo‘q edi. U odatdagidek Jiminning yoniga emas, stolning eng chekka burchagiga borib o‘tirdi.
Jimin bu harakatdan ich-ichidan ezilgan bo‘lsa-da, bildirmaslikka urindi. U Lia xolaga ishora qildi va ayol darhol Hyerinning oldiga u yaxshi ko‘radigan quymoq va mevali sharbatni keltirib qo‘ydi.
— Bugun universitetda so‘nggi loyihangni topshirishing kerak, shundaymi? — deb so‘radi Jimin, suhbatni boshlash maqsadida.
— Ha, bugun so‘nggi kun. Keyin faqatgina hujjatlarni rasmiylashtirish qoladi, — Hyerin ovqatga deyarli tegmasdan, sharbatdan bir ho‘plam yutdi. — Keyin esa… Germaniyaga ketish uchun bilet sotib olaman. Serin xolam barcha narsani tayyorlab qo‘yganini aytdi.
Jiminning qo‘lidagi qahva finjoni biroz chayqalib ketdi. U qizning ketish haqida haligacha qat’iy ekanini ko‘rib, ichidagi sog‘inch olovi hozirroq uni kuydira boshlaganini xis qildi.
— Hyerin, kechagi gaplardan keyin ham… baribir ketmoqchimisan? Men senga tushuntirdim-ku, barchasi sahna ko‘rinishi edi. Men senga… — Jimin tiliga kelgan so‘zini aytishdan o‘zini to‘xtatdi, chunki bu so‘zlar hozir vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin edi.
Hyerin sekin finjonni stolga qo‘ydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jiminning ko‘zlariga tikildi.
— Gap kechagi voqeada emas, Jimin amaki. Gap shundaki, men bu yerda qolsam, doimo sizning soyangizda, sizning taqiqlaringiz va qarorlaringiz ostida yashayman. Men o‘z hayotimni o‘zim qurmoqchiman. O‘z xatolarimni o‘zim qilib, ulardan dars olmoqchiman. Men chindan ham mustaqil bo‘lishni xohlayman. Siz ham… o‘z hayotingizni yashashingiz kerak. Men ortiq sizga mas’uliyat yoki majburiyat bo‘lishni istamayman.
Jimin hech narsa deya olmadi. Qizning so‘zlari shunchalik mantiqli va qat’iy ediki, unga qarshi biron bir vaj topish imkonsiz edi. U qizni asrayman deb, uning erkinlikka bo‘lgan intilishini uyg‘otib yuborgandi.
— Mayli, — dedi Jimin ovozi bo‘g‘ilib. — Agar bu sening haqiqiy xohishing bo‘lsa, men seni to‘xtatmayman. Ammo bir narsani bilib qo‘y: qayerda bo‘lishingdan qat’i nazar, senga biror narsa kerak bo‘lsa yoki yordam zarur bo‘lsa… men doimo tayyorman.
Hyerin faqatgina bosh irg‘ab qo‘ydi. O‘rnidan turib, sumkasini oldi-da, eshik tomon yo‘naldi.
— Men ketdim. Bugun Bona bilan uchrashaman, uyga kechroq qaytsam kerak. Meni kutmanglar.
Eshik yopilishi bilan Jimin kresloga suyandi. U o‘zini butunlay mag‘lub bo‘lgandek his qilardi. U o‘yinda g‘olib chiqqandi — Heyon yo‘q qilingan, Hyerinning xavfsizligi ta’minlangandi. Ammo u eng asosiy narsani — mitti malikasining qalbini va ishonchini butunlay yo‘qotgandi. Endi u bu ulkan uyda chindan ham yolg‘iz qolgan edi.
---
Universitet binosi har doimgidek gavjum edi. Talabalar u yoqdan-bu yoqqa yugurar, yakuniy imtihonlar tashvishi hammaning yuzidan ko‘rinib turardi. Hyerin o‘z loyihasini professorga topshirib, zalga chiqqanida, uning yelkasidan ulkan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. U vanihoyat o‘qishini a’lo baholar bilan yakunlagan edi.
— Hyerin! — uzoqdan Bonaning ovozi eshitildi. Dugonasi unga qarab yugurib kelar, qo‘lida ikkita sovuq qahva bor edi. — Nima bo‘ldi? Topshirdingmi?
— Ha, hammasi tugadi, Bona, — Hyerin dugonasini mahkam quchoqlab oldi.
Ular universitet hovlisidagi shinamgina o‘rindiqqa o‘tirishdi. Bona qahvalardan birini Hyeringa uzatarkan, uning yuzidagi ifodani diqqat bilan o‘rgandi. Kechagi bazmda nimalar bo‘lganini qisman bilsa-da, batafsil eshitishga sabrsizlanayotgandi.
— Kecha… kecha chindan ham daxshat bo‘ldi, shunday emasmi? Anavi Heyon deganlari… u chindan ham o‘sha yaramas yigitni senga qarshi qayraganmidi? — Bona xavotir bilan so‘radi.
Hyerin chuqur xo‘rsindi va qahvadan bir ho‘pladi. Kechagi mashinadagi suhbatni va Jiminning barcha haqiqatlarini Bonaga aytib berdi. Bona eshitgan gaplaridan ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib hayratda qoldi.
— To‘xta, to‘xta… — Bona qo‘llarini havoda silkidi. — Demak, Janob Jimin barchasini sening ko‘nglingni qoldirish uchun uyushtirgan ekanmi? Heyon bilan hech qanday munosabati yo‘q ekanmi? Voy xudoyim, bu xuddi dramalardagi ssenariylarga o‘xshaydi-ku! U seni shunchalik sevadiki, hattoki o‘zini yomon ko‘rsatishga ham tayyor bo‘lgan!
— Shunday, — Hyerin yerga qaradi. — Lekin bu to‘g‘ri yo‘l emas edi, Bona. U meni yosh bola deb bildi. Mening chekkan azoblarim uni qiziqtirmadi, faqat o‘zining "to‘g‘ri" deb bilgan rejasi bo‘yicha ish tutdi. Men buni qabul qila olmayman.
— To‘g‘ri, uning qilgan ishi juda shafqatsizlik, — Bona dugonasining qo‘lini ushladi. — Lekin uning ichidagi og‘riqni ham tasavvur qilib ko‘r. U sening amaking rolida yashashga majbur bo‘lgan. Senga bo‘lgan tuyg‘ularini jilovlash unga qanchalik og‘ir bo‘lganini ham o‘ylab ko‘rdingmi? Endi nima qilmoqchisan? Chindan ham Germaniyaga ketasanmi?
— Ha, ketaman. Bu qarorim o‘zgarmaydi. Men u yerda yangi hayot boshlayman. Balki ma’lum vaqt o‘tgach, ikkalamiz ham o‘zimizni qo‘lga olganimizdan so‘ng, bu voqealarga boshqacha nazar bilan qararmiz. Ammo hozir… hozir uzoqlashish eng to‘g‘ri yo‘l.
Bona dugonasining qarorini hurmat qildi. Ular kun bo‘yi shahar bo‘ylab aylandilar, eski xotiralarni yodga oldilar va rasm to‘garagiga borib, so‘nggi buyumlarni yig‘ishtirishdi. Hyerin uchun bu shahar bilan xayrlashishning o‘ziga xos bosqichi edi.
Kech kirgach, shahar chiroqlari yana bir-in ketin yona boshladi. Hyerin taksida uyga qaytar ekan, ichida qandaydir g‘alati bir xavotir bor edi. Go‘yo uyni yana qandaydir kutilmagan hodisa kutayotgandek tuyulardi.
Darvoza oldiga yetib kelganida, uyning chiroqlari to‘liq o‘chirilgan, faqatgina darvoza oldidagi ikkita chiroq zaif nur sochib turardi. Hyerin taksidan tushib, pulini to‘ladi-da, ichkariga qadam bosdi.
U hovli bo‘ylab yurib, eshikni ochmoqchi bo‘lganida, birdan ortidan qadam tovushlari eshitildi. Qiz shoshilib ortiga o‘girildi, ammo zulmat tufayli hech narsani ko‘ra olmadi.
— Kim bor? — deb so‘radi u, ovozi hayajondan qaltirab.
Shu lahzada soyalar orasidan bir sharpa ajralib chiqdi. Chiroq nuri uning yuziga tushganida, Hyerin daxshatdan qotib qoldi. Bu Heyon edi. Ammo uning kechagi nafis, mag‘rur qiyofasidan asar ham qolmagandi. Sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari qizarib, aqldan ozgandek vahshiyona boqib turardi. Uning qo‘lida esa… o‘tkir pichoq bor edi.
— Hammasiga sen aybdorsan, mitti iflos! — deb baqirdi Heyon, ovozini balandlatib — Jimin meni bir kunda xonavayron qildi! Mening butun hayotimni ssenariyingiz evaziga yo‘q qildi! Agar sen bo‘lmaganingda, u menga hech qachon bunday qilmasdi! Sen o‘lishing kerak! Sen o'liming hammasiga yakun yasaydi.
Heyon bor kuchi bilan Hyeringa qarab otildi. Hyerin kutilmagan bu hujumdan qochishga ulgurmadi, oyoqlari bir-biriga chalkashib, yerga yiqildi. Pichoq uning ko‘ksiga qarab yo‘nalgan edi.
— Yo‘q! — Hyerin ko‘zlarini mahkam yumib, qo‘llari bilan yuzini berkitdi.
Shu soniyada dahshatli bir ovoz, so‘ngra nimadir og‘ir urilgani eshitildi. Hyerin ko‘zlarini ochganida, uning qarshisida ulkan gavdasi bilan Jimin turardi. Yigit pichoqni o‘z qo‘li bilan mahkam ushlab qolgandi. Uning kaftidan qaynoq, to‘q qizil qon sizib chiqib, yerga, oppoq toshlar ustiga tomchilay boshladi. Jiminning yuzidagi ifoda shu qadar qo‘rqinchli ediki, Heyon qo‘lidagi pichoqni qo‘yib yuborib, qo‘rquvdan orqaga tislana boshladi.
— Senga aytgandim… — dedi Jimin og'riqdan biroz burishgan lablari orasida — Agar unga teginsang, seni o‘z qo‘llarim bilan yo‘q qilaman deb.
Qo‘riqchilar shu zahoti yugurib kelishdi va Heyonni yerga bosib, qo‘llarini bog‘lashdi. Heyon baqirib-chaqirib, la’natlar ayta-ayta uydan olib chiqib ketildi.
Hyerin yerda o‘tirgancha, daxshat ichida Jiminning qonayotgan qo‘liga tikilib turardi. Yigit qizning oldiga tiz cho‘kdi va jarohatlangan qo‘liga ham qaramay, qizning yuzlarini siladi.
— Yaxshimisan? Senga zarar yetmadimi? — deb so‘radi u, xavotirli ohangda.
Hyerin hech narsa deya olmay, faqat boshini chayqadi. Uning ko‘zlaridan yoshlar tinmay oqardi. U Jiminning qo‘lidagi chuqur jarohatni va undan oqayotgan qonni ko‘rib, yuragi parcha-parcha bo‘layotganini his qildi. Bu yigit uni asrash uchun chindan ham barcha narsaga, hattoki o‘z jonini tikishga ham tayyor edi. Ularning taqdiri bir-biriga shu qadar mahkam bog‘langandiki, undan qochib qutulishning hech qanday iloji yo‘qdek edi.