December 28, 2025

Argument

Story for Haeun

Kuzning hafta davomida yogʻgan yomg‘iri shaharni yuvib o‘tgan, asfalt yuzida chiroqlarning aksini qoldirgan edi. Jungkook mashina rulini shunday qattiq siqib o‘tirardiki, barmoq bo‘g‘inlari oqarishni boshlagandi. Uning nigohi universitet darvozasiga mixlangan, har bir soniya qalbini tilka-pora qilayotgan edi. Biroz vaqt oʻtkanidan soʻng uzoqdan Haeun ko‘rindi. Uning yuzidagi tabassum Jungkookning yuragiga pichoqdek botdi. Chunki bu tabassum unga emas, yonida u yoq-bu yoqqa chayqalish bilan yurib kelayotgan notanish yigitga qaratilgan edi.
Jungkook boshqa chiday olmadi. Mashina eshigini shunday qattiq ochdiki, uning ovozi atrofdagi barchani esankiratib qoʻydi.U bir necha qadam bilan qizning yoniga yetib bordi-da, uning bilagidan mahkam tutdi.
— Ketdik ! — uning ovozi balandligidan , Haeun bir lahzaga nafas olishni ham unutib qo‘ydi.
— Jungkook, qo‘yib yuboring ! Nima qilyapsiz? — qiz qarshilik ko‘rsatishga urindi, ammo yigit uni eshitmasdan qizni oʻz ortidan sudrashni boshladi.
*
Mashina ichi o‘lik sukunatga cho‘mgan, faqat motorning g‘uvullashi eshitilardi. Jungkook tezlikni oshirar, go‘yo shu yo‘l bilan ichidagi alamdan chiqishga urinardi.
— U kim edi? — nihoyat so‘radi yigit , ovozidagi gʻazabdan paydo boʻlgan titroqni yashira olmay.
— Kursdoshim. Shunchaki dars haqida gaplashayotgan edik, — dedi Haeun yig‘lamsirab. — Siz har doim shunaqasiz! Meni buyum sifatida koʻrasiz. Men ham odamman, erkinlikni xohlayman. Tushunyapsizmi, nafas olishni istayman!

- Haeun

Jungkook mashinani keskin to‘xtatdi.
— Erkinlikmi? Senga men xalaqit beryapmanmi? — bir qoshini koʻtarganicha davom etdi yigit — Yaxshi. Men sening hayotingdan chiqib ketaman. O‘sha sen istagan "erkin" dunyoda baxtli bo‘l.
U Haeunni uyigacha so'zsiz olib borib qo‘ydi. Eshik yopilishi bilan mashina o‘rnidan shiddat bilan qo‘zg‘aldi. Shu kundan boshlab Jungkook xuddi yer yuzidan yo‘qolgandek bo‘ldi. Hech qanday qo‘ng‘iroqlarsiz , hech qanday xabarlarsiz.
Oradan bir hafta o‘tdi. Haeun boshida buni odatdagi araz deb o‘yladi. "Ertaga yozadi, indinga keladi", deb o‘zini ovutdi. Ammo telefonidagi sukunat kundan-kunga vahimali tus ola boshladi. Universitet yo‘laklarida yurar ekan, har bir mashina ovoziga qayrilib qarar, tanish raqamdan xabar kutib darslarni ham unutib qo‘ygan edi.

- Haeun

— Nega bunchalik so‘lg‘insan? — so‘radi dugonasi tushlik paytida. — U hali ham yozmadimi?
— Yo‘q... — Haeun chuqur xoʻrsindi — Balki haqiqatan ham mendan voz kechgandir?
— Qo‘ysang-chi, o‘zingi qiynama. Bugun kursdoshimizning tug‘ilgan kuni. Boramiz, raqsga tushamiz, hammasini unutasan. Uyda o‘tirib telba bo‘lasan bu ketishda.
Haeun chalg‘ishga muhtoj edi. Kechqurun bazmga bordi. Ammo u yerdagi muhit uning qalbini yanada gʻashlikka soldi. Baland musiqa quloqlarni qomatga keltirar, har burchakda yarim yalang‘och juftliklar bir-biriga chirmashgan, tamaki tutuni havoni bo‘g‘ayotgan edi. Haeun o‘zini bu yerda ortiqcha his qildi. Bu uning dunyosi emasdi. Jungkook uni bunday joylardan asraganda, u buni "cheklov" deb o‘ylagan edi. Endi esa bu "erkinlik" uning ko‘nglini aynitar darajada jirkanch ko‘rindi.
— Men ketyapman, — dedi u dugonasiga.
— To‘xta, hali eng qiziq joyi boshlanmadi-ku?
— Yo‘q, men ortiq chiday olmayman.
Haeun yolg‘iz o‘zi tashqariga chiqdi. Tun yarimdan oqqan, ko‘chalarda odam zoti ko‘rinmasdi. U uyi tomon ketayotgan tor va nimqorong‘u yo‘lakka kirdi. Shu payt ortidan bir necha kishining ovozi va og‘ir qadamlari eshitildi. Bular boyagi bazmda unga yeb qo‘ygudek qarab turgan o‘sha shubhali yigitlar edi.
— Hoy ! Qorong‘uda yolg‘iz yurish xavfli emasmi? — ulardan birining ovozi shunchalik yaqin keldiki , Haeun etlari muzlab ketganini his qildi.
— Mendan uzoqroq turinglar! — dedi qiz oʻzini qoʻrqmagandek tutishga harakat qilib.
— Voy-bo‘, shunchalik qaysarmisan? Qani, kel-chi bu yoqqa...
Yigitlar uni qurshab olishdi. Ularning biri qizning sochiga qo‘l cho‘zdi. Haeun bor kuchi bilan uni itarib yubordi-da, qochishga tushdi. Yuragi xuddi qafasdagi qushdek tipirchilar, nafas olishi qiyinlashib borardi. U berk ko‘chaga kirib qolganini anglaganda, butun vujudi bilan titray boshladi.
Qaltirayotgan barmoqlari bilan sumkasidan telefonini chiqardi. Ko‘zlari yoshdan xiralashgan bo‘lsa-da, u yagona najotkorining raqamini terdi.
"Jungkook... Iltimos... faqat bitta qo‘ng‘iroq..."
Gudok ketmoqda edi. Dunyo to‘xtab qolgandek, faqat telefonning bir maromdagi ovozi Haeunning quloqlari ostida jaranglardi.
Shu payt yigitlardan biri uning bilagidan shunday qattiq tortdiki, telefon asfaltdagi ko‘lmakka tushib, chirog‘i o‘chdi.
— Kimga telefon qilyapsan ? Bunday vaqtda va aynan bu joyda senga kim ham yordamga kelardi? — yigitning tirjaygan basharasini qizning yuziga yaqinlashtirdi.
— Tegmang menga! Iltimos, yo‘limni to‘smanglar! — Haeun ortga tisarildi, ammo berk koʻchaning devorga taqalib qoldi.
— Qani, kel-chi bu yoqqa...
Qiz bor ovozi bilan baqirmoqchi bo‘lganida, zulmat qo‘ynidan mashina g‘ildiraklarining shiddatli g‘ichirlashi eshitildi. Ko‘r qilgudek yorqin chiroqlar butun yo‘lakni yoritib yubordi. Mashina eshigi qarsillab yopildi-da, qorong‘ulikdan bir qiyofa otilib chiqdi.
— Uni qo‘yib yuboringlar, — Jungkookning ovozi juda ham baland emasdi ammo odamni taxlikaga soladigan darajada dagʻal edi.

- Jungkook

— O‘hoo, qahramonimiz keldilarmi? — yigitlardan biri Jungkook tomonga bir qadam tashladi. — Bor yo‘lingdan qolma, uka, bu sening ishing emas.
Jungkook javob bermadi. U bor-yo‘g‘i bir lahzada raqibining jag‘iga shunday kuchli zarba berdiki, u hech qanday reaksiyasiz yerga quladi. Qolgan ikkitasi unga baravar tashlanishdi.
— Jungkook, ehtiyot bo‘ling! — deb qichqirdi Haeun ko‘zlarida yosh bilan.
Lekin Jungkookning g‘azabi ularning kuchidan ancha ustun edi. U necha kunlik alam, sog‘inch va qo‘rquvni har bir zarbasiga joylagandek edi. Hammasi tugab, yigitlar yerda inqillab qolganida, Jungkook og‘ir nafas olib qizga qayrildi.
Haeun o‘zini tutib tura olmadi. Bor kuchi bilan yugurib borib, o‘zini Jungkookning bag‘riga otdi.
— Keldingiz... baribir keldingiz! — u o‘ksib yig‘lar, yuzini yigitning koʻksiga koʻmib uning belidan qattiq quchib olgandi.
— Kelmaslikning iloji bormidi? — Jungkookning ovozi endi muloyimlashdi, u qizning sochlarini titroq qo‘llari bilan siladi. — Sening o‘sha "erkinliging" mana shumi, Haeun?
Qiz boshini ko‘tarib, yigitning ko‘zlariga tikildi.
— Meni kechiring, Jungkook... Men ahmoqlik qildim. Siz meni asrayotganingizni tushunmadim. Men istagan o‘sha erkinlik... u aslida men oʻylagandek narsa emas ekan. Sizsiz dunyo qanchalik qo‘rqinchli ekanini endi angladim. Iltimos, meni boshqa tashlab ketmang.

- Haeun

— Men ham senga aytishim kerak bo‘lgan gaplar bor, — Jungkook chuqur tin oldi. — Shu kunlar ichida tushunib yetdimki, seni sevishim — senga egalik qilish huquqini bermas ekan. Rashk qilish — seni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqish xissi edi , lekin men bu qo‘rquv bilan seni xafa qilib qoʻyishim mumkinligini oʻylamadim.
— Men shunchaki... menga ishonishingizni hoxlagandim.
— Bilaman. Endi bilaman. Rashk bilan egalik qilishning farqi borligini kech bo‘lsa ham angladim. Sen qush emassan-ku, seni qafasda saqlasam...
Jungkook qizning yanogʻida qolgan ko‘z yoshlarini barmog‘i bilan artdi. Haeunning dahanlari sovuqdan va hayajondan hamon qaltirardi.
— Juda sovuq qotibsan-ku? — so‘radi yigit xavotir bilan.
— Shunchaki... hali ham qo‘rqyapman, — dedi qiz titrab.
Jungkook hech narsa demadi. U egilib, Haeunni xuddi bir parcha patdek qo‘llari ustiga ko‘tardi.
— Jungkook, nima qilyapsiz? O‘zim yura olaman...
— Jim bo‘l, — dedi yigit jilmayib. — Kelishib olishimiz kerak , - yigit yoʻl oʻrtasida biroz toʻxtab davom etdi — Menga chindan ham ishonsang shunchaki jim ket.
Jungkook qizni qo‘lida ko‘targancha mashina tomon qadam tashladi. Haeun uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab, ko‘zlarini yumdi. Hozirgina uni vahimaga solgan qorong‘u yo‘lak endi u uchun ahamiyatsiz edi. Chunki u o‘zini Jungkookning bag‘rida xafsiz xis qilayotkandi.

Yulduzcham Haeun uchun Yeindan ❄️