The Ghost Writer
Ikkinchi bob : Ashford
Haydovchi yo‘l bo‘yi menga biror og‘iz ham so‘z qotmadi.
San-Fransiskodan chiqib, shimolga qarab uch soat yurdik. Shu vaqt ichida mashina motorining bir me’yordagi gurullashi, har safar burilishga kelganimizda old o‘rindiqqa qo‘yilgan yo‘l qopimning asabga teguvchi gurs-gurs urilishi va radioning sukunatidan bo‘lak hech narsa yo'q. Mashinaga o‘tirishim bilan haydovchi radioni o‘chirib qo‘ygandi — so‘rab ham o‘tirmadi, shunchaki bosh irg‘ab ham qo‘ymadi. Go‘yo kimdir unga "Maya shovqin-suronni yoqtirmaydi" deb tayinlab qo‘ygandek, murvatni shartta buradi-yu qo‘ydi. Yo‘l chetidagi katta trassalar asta-sekin viloyat ichki yo‘llariga, ular esa o‘z navbatida tuproq va shag‘al aralash kimsasiz so‘moqlarga aylanib borishini oynadan kuzatib ketdim. Bunday yo‘llar biror bir tarmoqqa ulanmaydi, ular faqat bitta manzilga olib boradi va bu yo‘lga faqat yer yuzidan g‘oyib bo‘lishni istagan odamgina qadam bosadi.
Bor-yo‘g‘i ikki soatcha uxlay oldim, agar buni uxlash deb bo‘lsa.
Haligi homiylar ro‘yxatiga tasodifan ko‘zim tushganidan keyin, tuni bilan mehmonxona xonasida tong sahargi soat uchgacha u yoqdan-bu yoqqa asabiy yurib chiqdim. Miya bitta ma’lumot parchasini tinmay chaynab, baribir biror yechim topolmaydigan o‘sha tinkani quritadigan girdobga tushib qolgandim. Ko‘z oldimda o‘sha xayriya kechasida olingan surat gavdalanaverdi. Yigirma bir yoshli selfim — Zara’dan ijaraga olingan arzon kastyum-shimda, qo‘lidagi laminat qilingan press-kartani o‘ziga qalqon qilgandek mahkam ushlab turibdi. Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan bog‘liqlikni topishga urinyapman. Dominik Kross nega o‘sha davrada bo‘lgan? Nega endi milliarder odam men hali tilga tushadigan biror narsa yozishimdan olti yil oldin, talaba-jurnalistlar uchun uyushtirilgan kichik bir xayriya tadbiri bilan qiziqib qolgan?
Haliyam menda javob yo‘q edi. Tonggi soat to‘rtlarda miyam vahima va kofein asabiyligidan tamoman g‘ovlab qoldi. Oxiri taslim bo‘ldim — chalqancha yotgancha, uyg‘otgich jiringlab jonga tegmaguncha shiftdagi suv tomchisidan qolgan dog‘ga termulib yotdim.
Darvoza og‘ir, zanglagan temirdan edi. Boylikni ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, butun boshli armiyani ichkariga kirgizmaslik uchun qurilgandek. Mashina yaqinlashishi bilan ular o‘z-o‘zidan ochildi. Yon oynadan darvozaning ortimizdan gursillab yopilishini kuzatarkanman, ichimda bir narsa uzilgandek bo‘ldi, yuragim orqaga tortdi.
Darvoza ichkarisidan uygacha boradigan yo‘l naqd to‘rt daqiqa vaqtni oldi. Buni aniq bilaman, chunki ko‘nglim aynimasligi uchun telefonga termulib ketdim — yoqilg'i quyish shaxobchasida shoshilib ichgan iliqqina kofem hozirgina ko‘rganlarim vaximasidan tashqariga otilib chiqishini xohlamasdim.
Yo‘lning ikki chetida qator tizilgan ulkan, qadimiy daraxtlar osmonni to‘sib turardi. Ertalabki soat to‘qqiz bo‘lishiga qaramay, barglar orasidan sizib o‘tayotgan nur nimjon va mutlaqo nursiz edi. O‘ng tomonda tartib bilan parvarishlangan bog‘ ko‘rindi — chetlari shunchalik o‘tkir va tajovuzkor burchaklar ostida qirqilgandiki, bu landshaft dizaynidan ko‘ra ko‘proq hamma narsani nazorat qilishni yaxshi ko‘radigan telbaning injiqligiga o‘xshardi. Keyin yo‘l keskin tepaga qarab burildi, daraxtlar siyraklashdi va ro‘paramda, nihoyat, Ashford Cross qasri qad ko‘tardi.
Men yo‘ldan olingan sun’iy yo‘ldosh xaritalarini shunchalik ko‘p ko‘rgandimki, uning chizmasini xotiramdan adashmay chizib bera olardim. Ammo Google Earth odamni bunday joylarning vahmali salobati va ulkanligiga tayyorlay olmas ekan . U hamma narsani sayqallab ko‘rsatadi. Ashford Cross me’mor tomonidan chizilganga o‘xshamasdi; u go‘yo asrlik tarixning timsoli — salkam bir yarim asr davomida har xil avlodlar tomonidan o‘zgartirilgan, Viktorian uslubidagi toshlardan tiklangan to‘rt qavatli ulkan qal’a edi. Xuddi mana shu qoyadan o‘sib chiqqandek va qoya dengiz tubiga cho‘kib ketganidan keyin ham shu yerda turgandek tuyulardi.
Mashinadan tushishim bilan yuzimga dengizning muzdek shamoli urildi.
Ko‘zlarim beixtiyor tepaga qarab ketdi. Uchinchi qavat, sharqiy qanot, eng chetdagi oyna: chiroq yoniq edi. Mashina motori o‘chishga ulgurmay, kimdir tepada meni kutib turardi. O‘sha oynaga bir muddat tikilib qoldim, qo‘llarim kurtkamning cho‘ntagida muzlab ketdi. Keyin yuklarimni oldim-da, tosh zinalardan yuqoriga ko‘tarildim.
Barmoqlarim yog‘och eshikka tegishga ulgurmay, Tomas Riv eshikni ochdi.
U oltmish yoshlar atrofidagi, yelkalari baquvvat, yuzi go‘yo granitdan yo‘nilgan va yomg‘irda qolib ketgandek ko‘rimsiz, kelbatli odam edi. U indamay qo‘limdagi og‘ir qopni oldi va ichkariga o‘tishim uchun chetga surildi.
— Miss Hart. Men Tomasman. Bu mulkni boshqaraman.
— Maya desa ham bo‘laveradi, — deb tomog‘imni qirdim. Ovozim juda nimjon va ingichka chiqdi.
U yengilgina bosh silkib qo‘ydi — bu imo-ishorasi bilan ismimni miyasiga qayd qilib qo‘yganini, ammo baribir meni "Miss Hart" deb chaqirishda davom etishini bildirdi.
— Oshxonada nonushta tayyor. Uyni hozir ko‘rsataymi yoki ovqatlanib bo‘lganingizdan keyinmi? Qay biri ma’qul?
Dahliz juda ulkan, shifti ikki qavat balandligida bo‘lib, tosh pol etiklarim tovushidan aks sado berardi. Ichkaridan kedr daraxti, nam jun va eski, chiriyotgan qog‘oz hidi kelardi. Bularning barchasining ostida okeanning o‘sha o‘tkir hidi sezilib turardi; qoyalar shu qadar yaqin ediki, dengiz havosi tosh devorlar orasidan sizib kirgandek edi. Dahlizning oxirida quyuq yog‘ochdan yasalgan ulkan zina ikki tomonga ajralib ketgandi. Oyoq ostidagi gilamlarning chetlari titilib ketgan, bir paytlar juda qimmatbaho bo‘lgani ko‘rinib turardi, ammo vaqt ularni o‘z domiga tortgan edi.
Bu men kutgan narsa emasdi. Men hammasi dabdabali, hashamatli va yangi boylarning soxta aslzodaligini ko‘z-ko‘z qiladigan darajada bo‘ladi deb o‘ylagandim. Buning o‘rniga, bu uy shunchaki qadimiy va sovuqqon tuyulardi, mening borligim unga zarracha ham qiziq emasdi.
— Keling, avval aylanib chiqaylik, — dedim yenglarim bilan qo‘llarimni berkitib. — Tezroq tugatganimiz ma’qul.
Aylanish naqd qirq daqiqa davom etdi va oxiriga kelib oyoqlarim uvishib qoldi.
Mening xonam g‘arbiy qanotda edi. Dahshat — Kvinsdagi butun boshli kvartiramdan ham katta bo‘lib, derazasi tartib bilan parvarishlangan bog‘ga qaragan edi. Mebel to‘q rangli, og‘ir maxagondan yasalgan bo‘lib, uni joyidan sal bo‘lsa-da qo‘zg‘atish uchun kamida to‘rt kishi kerak edi. Ammo hamma yoq top-toza, ozoda edi. Pardoz stolida zarracha ham chang yo‘q. Kimdir mening qachon kelishimni aniq bilib, bu yerlarni soatlab tozalagan ko‘rinadi.
Keyin u menga janubiy qanotning ikkinchi qavatidagi kutubxonani ko‘rsatdi.
Men eshik ostonasidanoq to‘xtab qoldim.
Uchta devor tub-tubigacha kitob javonlari bilan to‘ldirilgandi. Markazda ulkan tosh kamin turardi, uning o‘chog‘i o‘n yillik kuydan qorayib ketgandi. Yuqori javonlar bo‘ylab harakatlanadigan g‘ildirakli jez zangori narvon osilgan edi, uning bitta g‘ildiragi sal qiyshayib qolgandi. Bu xona shunchaki ko‘rgazma uchun emas, balki unda chinakam hayot borligini ko‘rsatib turardi. Charm kreslolar eskirgan, yordamchi stollarda qog‘oz dastalari va ochiq qolgan jurnallar yotardi.
Men ichkariga kirdim va ularning qanday tartibda joylashtirilganini tushunishga harakat qilib, biorgafiya kitoblarining chetidan barmoqlarimni yurgizdim. Alifbo tartibida emas. Xronologik ham emas edi.
Keyin shimoli-sharqiy burchakka yetib borib, to‘xtadim.
Ikkita butun boshli javon — chamasi qirq-ellikta kitob — teskari o‘girib qo‘yilgandi. Kitoblarning nomlari yozilgan qismi devorga qaragan, faqat sarg‘aygan qog‘oz varaqlarning chetlari ko‘rinib turardi. Bu juda g‘alati tuyuldi. Qasddan qilingan, bir xil ko‘rinishdagi bo‘sh qog‘ozlar to‘plami. Kutubxonaning yarmini tasodifan teskari o‘girib qo‘yish mumkin emas.
— Bularga nima bo‘lgan? — deb so‘radim barmog‘im bilan ko‘rsatib.
— Janob Kross ba’zi jildlarni shaxsiy saqlashni afzal ko‘radilar, — dedi Tomas.
Unga qaradim, qolgan izohni kutdim, lekin uning yuzi go‘yo devordek qotib qolgandi. U bu javobni o‘nlab marta bergani va yana o‘nlab marta ko‘zini pirpiratmay bera olishi aniq edi.
Men qiziquvchanligimni ichimga yutdim. Birinchi kundanoq ma’lumotga ochko‘z bo‘lib ko‘rinishni istamadim.
— Sharqiy qanot-chi? Bizdan tepadagi qavat?
— Shaxsiy hudud.
— Janob Kross u yerda...
— Janob Kross sizni soat roppa-rosa ikkida, uchinchi qavatdagi ish xonasida kutadilar. — Tomas koridorga qarab burildi, uning turishi suhbat tugaganini yaqqol ko‘rsatib turardi. — Birinchi qavatni tugatib qo‘yamizmi, miss Hart?
Tushga yaqin men o‘z xonamdagi matras chetida o‘tirib, ochiq chamadonimga tikilib, qo‘llarim titrashini to‘xtatishga harakat qilardim.
U meni ismim bilan chaqirishimni so‘ragandi. Nyu-Yorkdagi barcha tajribali biograflar va jinoyat haqida yozadigan soyabosotlar (Ghost writer) turganda, u atigi bitta o‘rtacha muvaffaqiyatga erishgan va talabalik qarzlariga ko‘milib ketgan yigirma yetti yoshli qizni tanlagandi. *“E’tiborning o‘ziga xos sifati”*, — deb yozgandi u Viktorga yo‘llagan xatida. Bu ibora bir necha haftadan beri miyamda aylanib, meni ham g‘ururlantirar, ham ko‘nglimni aynitardi.
Keyin yana o‘sha nonushta.
Nihoyat oshxonaga tushganimda, Tomas menga likopcha tayyorlab qo‘ygan edi. Achchiq qora kofe. Salgina kuygan nordon non. Yonida bir chimdim dengiz tuzi bilan yumshoq qaynatilgan bitta tuxum. Bu mehmonxonalardagi oddiy nonushta emas edi. Bu aynan men har safar yozish girdobiga sho‘ng‘iganimda tongda yeydigan narsam edi. Men buni Viktorga aytmagandim. Hech kimga aytmagandim.
Men yon daftarchamga tikilib, miyam g‘ovlab ketdi. Buning mantiqiy tushuntirishi bo‘lishi kerak. Viktor shartnoma muzokaralari paytida Krossning yordamchisi bilan g‘iybatlashgan bo‘lishi mumkin — o‘zini yaqinroq ko‘rsatish uchun mening odatlarim haqida shunchaki aytib o‘tgan bo‘lishi mumkin. Agentlar shunday qilishadi. Ular o‘z mijozlarini qandaydir o‘zgacha va samimiy ko‘rsatishga harakat qilishadi.
Lekin miyam boshqa variantga qarab ketaverdi. Men ovoz chiqarishni istamaydigan o‘sha qora, mantiqsiz xayolga.
U bilardi.
Roppa-rosa soat 1:55 da sharqiy qanotning uchinchi qavatiga ko‘tarildim. Bu koridor uydagi qolgan joylardan farq qilardi — sovuqroq, torroq, havo mutlaqo qimir etmasdi, go‘yo uy bu koridorni tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘ygandek edi.
Eng oxiridagi eshik bir necha dyuymga ochiq turardi.
Men unga yetib bordim, og‘ir yog‘och eshikni qoqish uchun qo‘limni ko‘tardim, yuragim qovurg‘alarimga urilardi.
— Kiring, miss Hart.
Ovoz men barmoqlarimni eshikka tekkizishga ulgurmay, sukunatni buzib yubordi.
Muzlab qoldim, qo‘lim havoda muallaq qoldi. Men biror bir sado chiqarmagandim. Oyog‘imda yumshoq poshnali etik bor edi. Chuqur nafas oldim, eshikni itarib, ichkariga qadam qo‘ydim.
Ish xonasi hayratlanarli darajada bo‘sh, deyarli tibbiy xonadek sovuq edi. Bu yerda antiqa gilamlar yoki charm muqovali klassik kitoblar yo‘q edi. Shunchaki ulkan kulrang stol, uchta kompyuter monitori, po‘lat arxiv javonlari va bitta kitob javoni. Devorlar bo‘m-bo‘sh edi, faqat deraza yaqinida kichik, ramkaga solingan hujjat bor edi, u mendan ancha uzoqda bo‘lgani uchun o‘qiyolmadim.
Dominic Kross oyna yonida turardi. U mening koridordan kelayotganimni eshitgan va o‘tirib, o‘sha tushkun milliarder rolini o‘ynash uchun yetarli vaqtga ega edi, lekin u tik turishni afzal ko‘rgandi.
Men sud zalidan olingan sifatsiz suratlar va eski moliyaviy jurnallardan uning yuzini haftalab yodlagandim, lekin uni hayotda ko‘rish baribir hayratlanarli edi. Ommaviy axborot vositalari doim uning yuzidagi o‘sha keskin chiziqlarga — qora sochlari, tajovuzkor iyak qismi va yuzining sovuq, aslzodalarga xos simmetriyasiga e’tibor qaratishardi. Ammo ular uning salobatini hisobga olishmagandi. U xonada g‘ayritabiiy, mutlaqo harakatsiz turardi. U asabiylashib qimirlamas, yenglari tugmasini to‘g‘rilamasdi.
U shunchaki mikroskop ostiga qarayotgan olimning o‘sha qilt etmas, sinchkov nigohi bilan mening kirib kelishimni kuzatdi.
— Maya Hart, — dedim o‘zimni majburlab xonani kesib o‘tarkanman. Qo‘limni uzatdim, chunki agar biror bir jismoniy harakat qilmasam, ortimga burilib, qochib ketadigandek edim.
U qo‘limni qisqa, qattiq va mutlaqo sovuq qisdi.
— Bilaman.
Hech qanday *"tanishganimdan xursandman"* yoki *"Ashfordga xush kelibsiz"* degan gap bo‘lmadi. Shunchaki rostini aytdi-qo‘ydi.
U stolining yonida joylashgan charm kresloni ko‘rsatdi — qarshisida emas, balki yonida, burchak ostida joylashgandi, bu esa oramizdagi har qanday rasmiy to‘siqni yo‘q qilardi. O‘tirganimda, o‘ng tomonimdagi stol ustida teskari yotgan kumush rasm ramkasiga ko‘zim tushdi. Ramkaning orqa tomoni eskirgan, chizilgan baxmal edi. Uni ag‘darib ko‘rishni dildan xohlardim, lekin ko‘zlarimni majburlab olib qochdim. Agar tikilib qolsam, nimani qidirayotganimni darrov tushunardi.
— Men bugundan boshlamoqchiman, — dedi u o‘tirarkan. — Agar ishlashga tayyor bo‘lsangiz.
— Avval bir nechta savollarim bor edi, — dedim yon daftarchamni tizzamga qo‘yib.
Uning yuzida bazo'r seziladigan o‘zgarish yuz berdi. Bu g‘azab emas edi; ko‘proq stol qarshisidagi odamning qo‘lida yaxshi qartalar borligini tushunib yetgan qimorbozning holatiga o‘xshardi. — Bemalol.
— Siz oxirgi besh yil ichida mamlakatdagi barcha yirik nashriyotlarning taklifini rad etgansiz, — dedim to‘g‘ri uning ko‘zlariga qarab. — Nega buni aynan hozir qilyapsiz?
— Vaqti keldi.
— Bu matbuot uchun beriladigan javob. Hech qanday ma’noni anglatmaydi.
— Ha, — deb rozi bo‘ldi u ovozi mutlaqo o‘zgarishsiz. — Anglatmaydi.
U shunchaki o‘tiraverdi, oramizdagi sukunatni go‘yo tuzoqdek cho‘zilishiga yo‘l qo‘yib berdi. Aksariyat odamlar suhbat to‘xtab qolganda o‘zlarini noqulay his qilishadi va bo‘shliqni to‘ldirish uchun valdiray boshlashadi. Kross unday qilmadi. U shunchaki kutdi, mening terlashimni tomosha qilib o‘tirish unga mutlaqo qulay edi.
— Nega aynan men? — dedim rasmiyatchilikni yigishtirib. — Tog'risini ayting.
— Chunki siz safsata yozmaysiz, — dedi u oddiygina. — Siz g‘iybatlar yoki sarlavhalarga qiziqmaysiz. Oxirgi kitobingizni o‘qidim. Siz omma ishonishni xohlaydigan narsa bilan aslida nima sodir bo‘lgani o‘rtasidagi masofa haqida yozasiz. — U to‘xtadi, qora ko‘zlari mening ko‘zlarimga qadaldi. — Siz o‘sha masofani tushunasiz.
Tomog‘im quriy boshladi. — Bu professional sabab.
— Ha.
— Men shaxsiy sababi bormi deb so‘rayapman.
Xonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Tashqarida Tinch okeanidan kelayotgan tuman daraxtlar chizig‘ini yutib yuborayotgan edi, oyna ortidagi dunyo oppoq g‘ubor devoriga aylandi.
Kross uch soniya ko‘zlarimga tikilib turdi. To‘rt soniya. U qaror qabul qilayotganini bildirish uchun yetarli muddat.
— Boshlashimiz kerak, — dedi u stoliga qarab burilib. — O‘tadigan yo‘limiz hali ko‘p.
Men sumkamdan raqamli diktofonni oldim-da, oramizdagi yog‘och stol ustiga qo‘yib, qizil tugmachani bosdim. — Qayerdan xohlasangiz, boshlayvering.
U bir soniya o‘sha miltillayotgan kichik chiroqqa qaradi, keyin yana menga yuzlandi.
— Men oxiridan boshlamoqchiman, — dedi u ohista. — Ko‘p memuarlar bolalikdan boshlanadi, lekin men buni zerikarli deb hisoblayman. Bu inson hayotini aslida belgilab beradigan voqelikdan qochishning oson yo‘li. — U sal orqaga suyandi. — Men ayriliqdan boshlamoqchiman.
U Selestani nazarda tutayotgandi. Shunday bo‘lishi aniq edi. Olti yil oldin shu uydan chiqib ketgan va yer yuzidan butunlay g‘oyib bo‘lgan xotinini. Kaliforniya shtati uni o‘ldirganini isbotlash uchun millionlab pul sarflagan o‘sha ayolni.
Lekin u bu so‘zni — *ayriliq*ni aytganda, ovozida hech qanday og‘riq sezilmadi. Undan qayg‘u hidi kelmadi. Bu shunchaki bir mavhum tushunchadek yangradi. Men qo‘limni uzatib, asabiylashganimdan diktofon tugmasini ikkinchi marta bosib qo‘ydim, shunchaki o‘sha yashil chiroq hali ham miltillayotganiga ishonch hosil qilish uchun.
Va keyin Dominik Kross o‘z xotini haqida gapira boshladi.
Tomas xonamga olib chiqqan kechki ovqatni yeyolmadim.
Soat tungi to‘qqiz edi. Kumush patnis stol ustida daxlsiz turardi — qovurilgan tovuqning hidi ajoyib edi, lekin unga qarashning o‘ziyoq ko‘nglimni aynitardi. Diktofonimda uch soatlik audioyozuv va yon daftarchamda tartibsiz, shoshilinch yozilgan o‘n ikki varoq qaydlar bor edi. Men esa boshimni changallagancha stolda o‘tirardim, chunki nimadir mutlaqo noto‘g‘ri edi.
U yolg‘on gapirayotgani yo‘q edi. Alam qiladigani ham shu. Men oxirgi qirq sakkiz soatni sud bayonnomalarini, politsiya hisobotlarini, guvohlarning ko‘rsatmalarini yodlash bilan o‘tkazgandim. U bugun tushdan keyin menga aytgan hamma narsa mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelardi. Sanalar mos edi. Ismlar mos edi. Uning nikohi, janjallari, Selesta g‘oyib bo‘lishidan oldingi oxirgi oylar haqidagi tasvirlari — hammasi ommaviy hujjatlar bilan mukammal darajada mos kelardi.
Lekin bu *haddan tashqari* mukammal edi.
Uch soat davomida bu odam o‘z hayotining muhabbati — so‘yib tashlaganlikda ayblanayotgan ayoli haqida gapirdi va uning ovozi biror marta ham titramadi. Yurak urishi tezlashmadi. Uning ovozidan na g‘azab, na alam va na o‘zini himoya qilish ohangi sezildi. U xuddi Yevropa tarixi haqida ma’ruza qillayotgan professordek gapirardi. Mutlaqo begona edi. Go‘yo notanish bir odam haqidagi hujjatli filmga ovoz berayotgandek.
Men ruchkamni olib, varoqning pastki qismiga yozib qo‘ydim: *“Hissiyot: o‘lik. Yig‘lamaslikka harakat qilayotgan odamning sukunati emas. Shunchaki... bo‘shliq. Xuddi ob-havo haqida gapirayotgandek”*.
Siyohga tikilib qoldim. Keyin uning tagidan yana qo‘shib qo‘ydim: *“Yoki tomoshabinlarning qanday munosabat bildirishini oldindan biladigan va shunchaki qarsaklarni kutayotgan odamdek”*.
Daftarni shartta yopdim, o‘rnimdan turib, noutbukimni ochdim.
O‘sha xayriya kechasidagi suratni qaytadan ochdim. Onlayn arxivdan olingan sifatsiz, past sifatli tasvir. Piksellar kulrang va oq bloklarga ajralib ketguncha yaqinlashtirdim. Eshik oldidagi odam u mikan yoki yo‘q, baribir bilib bo‘lmasdi; juda xiralashgan, soya ostida qolgandi. Lekin homiylar ro‘yxati aldamaydi. Cross Capital olti yil oldin aynan o‘sha talaba-jurnalistlar seminarini moliyalashtirish uchun yigirma ming dollar chek yozib bergan. Men esa o‘shanda Nyu-Jersidagi ishchilar shaharchasidan kelgan, u pul to‘lagan xonada o‘tirgan hech kim tanimaydigan bir qiz bo‘lganman.
Barmoqlarim klaviatura ustida muallaq qoldi. To‘satdan kelgan vahimali turtki bilan qidiruv satriga uning va mening ismimni birga yozdim: *“Dominic Cross Maya Hart”*.
Natijalar mutlaqo oddiy edi. Shunchaki nashriyot e’lonidan olingan maqolalar, mening gonorarim qancha bo‘lganiga qiziqqan bir nechta klikbeyt bloglar, bir-ikkita tvitlar. Hech qanday maxfiy tarix yo‘q. Yashirin aloqalar yo‘q.
Ismimni o‘chirib tashladim va yozdim: *“Cross Capital xayriya jurnalistika”*.
Fondlar ro‘yxati paydo bo‘ldi. Men yillik hisobotlarni sakkiz, to‘qqiz, o‘n yil orqaga qaytarib varaqlay boshladim.
U yigirma yoshlarining o‘rtalaridan boshlab jurnalistika stipendiyalari va kichik nashriyot grantlariga pul tikib kelgan. Hammasi yashirin fond orqali tinchgina amalga oshirilgan — hech qanday katta matbuot anjumanlari, uning ismi yozilgan lavhalar yo‘q. Shunchaki jimjit kapital yakunda uning xotini g‘oyib bo‘lishini yoritadigan aynan o‘sha sohaga kirib borgan.
Kresloga suyandim, og‘riyotgan ko‘zlarimni uqaladim.
Bu hikoyaning mutlaqo mantiqiy, zerikarli varianti ham bor edi. San’atni qo‘llab-quvvatlashni yaxshi ko‘radigan milliarder, qachonki qotillik sudi uning ismini bulg‘aganida buni to‘xtatgan. Bunday narsalar doim bo‘lib turadi. Nonushta shunchaki tasodif bo‘lishi mumkin. Oynadagi chiroq esa men kelishimdan oldin lampalarni yoqqan xizmatkor qizning ishi bo‘lishi mumkin. Eshik ortidagi ovoz-chi? Uyning poli toshdan; ovoz yaxshi tarqaladi. U mening etiklarim taqillashini bir milya uzoqlikdan eshitgandir.
Lekin ichki sezgim bunga ishonmayotgan edi.
Daftarimga qayta qaradim. *“Xuddi boshqa birov bilan sodir bo‘lgan voqeani hikoya qilayotgan odamdek”*.
Uning stolidagi teskari yotgan kumush ramka haqida o‘yladim. Nega shaxsiy ish xonangizda fotosuratni yashirishingiz kerak?
Uning so‘z tanlashini o‘yladim. *Ayriliq.* *O‘lim* emas. *G‘oyib bo‘lish* emas. Ayriliq yo‘qolgan, ammo bu dunyoning qayeridadir baribir mavjud bo‘lgan narsani anglatadi.
Sekin-asta, qo‘llarim biroz titragancha, yon daftarning eng pastki qismiga so‘nggi satrni yozdim:
*“Agar u o‘tmishni eslamayotgan bo‘lsa-chi?”*
So‘zlarga ular xiralashguncha tikilib turdim.
*“Agar u shunchaki sahnani tayyorlayotgan bo‘lsa-chi?”*
Tashqarida dengiz zulmati quyuqlashgandi. Ufqda na shahar chiroqlari, na daraxtlar orasidan o‘tayotgan mashina chiroqlari ko‘rinardi — faqat pastdagi qoyalarga urilayotgan Tinch okeanining cheksiz to'lqinlarining ovozi eshitilardi.
Men og‘ir ko‘rpani iyagimga qadar tortib, ulkan karavotga yotdim. Lekin uxlay olmadim. Osmon qoramtir tus olguncha meni uyg‘oq tutgan savol Dominik Kross men bilan o‘yin o‘ynayaptimi yoki yo‘qmi degan shubha emas edi.
Uni bu o‘yinni qachon boshlagani o‘ylantirayotgan edi.