The General's debt
1966-yilning kuz fasli. Shimoliy provinsiyalardan birida havo rutubatli, osmonni quyuq bulutlar qoplagan. General Linghe shahar chetidagi harbiy shtabdan muhim hujjatlar bilan qaytayotgan edi. Uning qora rangli "Hongqi" (Qizil bayroq) rusumli limuzini nam asfaltdan shiddat bilan yelib borardi.
Linghe orqa o'rindiqda o'tirgancha, oynadan tashqariga — qorong'u o'rmonlar va uzoqdagi qishloq chiroqlariga tikilardi. To'satdan, yo'lning keskin burilishida kuchli portlash ovozi eshitildi. Mashina silkinib ketdi, haydovchi boshqaruvni yo'qotdi. Dushmanlar yo'lga mixlangan to'siqlar o'rnatishgan edi.
Mashina bir necha bor ag'darilib, yo'l chetidagi chuqurlikka quladi. Atrofga oyna siniqlari va yonayotgan benzin hidi tarqaldi. Linghe qattiq zarbadan boshi bilan oynaga urildi, ko'kragiga esa mashina korpusining temir bo'lagi sanchildi. U hushini yo'qotishdan oldin faqat bir narsani ko'rdi: tepalikdan tushib kelayotgan qurolli soyalar.
Xiwei o'sha kechada tungi navbatchilikdan uyiga piyoda qaytayotgan edi. U qishloq shifoxonasida hamshira bo'lib ishlar, egnida oq xalat, yelkasida esa tibbiy sumkasi bor edi. Portlash ovozini eshitgan qiz qo'rqib ketdi, lekin ichidagi burch hissi uni voqea joyiga yetakladi.
U chuqurlikda yotgan, pachoqlangan mashinani ko'rdi. Atrofda hech kim yo'q edi — hujum qilganlar o'z ishlarini bitirdik deb o'ylashgan yoki nimadandir cho'chib qochishgan chamasida. Xiwei mashinaga yaqinlashdi. Haydovchi vafot etgan, ammo orqa o'rindiqdagi kishi hali nafas olayotgan edi.
– Tirik... hali tirik! — deb pichirladi Xiwei titroq qo'llari bilan Linghening tomirini ushlab.
Generalning egnidagi kulrang harbiy kiyimi qonga belangan, ko'kragidan to'xtovsiz qon oqardi. Xiwei uni yolg'iz o'zi chiqarib ololmasligini bilar edi. Baxtiga, yaqin atrofdagi fermerlarning eski yuk mashinasi ovozi eshitildi. Xiwei yo'lga yugurib chiqib, yordam so'radi. U tanish bo'lgan keksa fermerni yaralangan odam dushman emas, balki "uning akasi" ekaniga ishontirib, Lingheni yuk mashinasining orqasiga yotqizishdi.
Xiwei Lingheni qishloq markazidagi shifoxonaga olib borishdan qo'rqdi. Agar u haqiqatan ham muhim shaxs bo'lsa, dushmanlari uni shifoxonadan topishlari aniq edi. Shu sababli, u yigitni o'zining chekkadagi kichik hovlisiga olib keldi.
Uy ichi sovuq edi. Xiwei darhol pechka yoqdi. 1960-yillarning eski chirog'i ostida u Linghening kiyimlarini qaychi bilan ehtiyotkorlik bilan qirqib tashladi. Yarani ko'rganda qizning nafasi ichiga tushib ketdi — temir bo'lagi o'pkaga juda yaqin kelgan edi.
U avvaliga oshxonadagi pichoqni olovda qizdirdi, tibbiy spirt bilan qo'llarini yuvdi.
Linghe xushsiz bo'lsa-da, og'riqdan tishlarini g'ijirlatar, vujudi titrardi. Xiwei uning og'ziga toza latta qo'yib, jarrohlik amaliyotini boshladi.
Tashqarida shamol esar, ichkarida esa bir qizning boshqa inson hayoti uchun kurashi ketardi. Xiwei tongga qadar Linghening jarohatini tikdi, unga antibiotik ukol qildi va isitmasini tushirish uchun peshonasini sovuq mato bilan yarim soat vaqt oraligʻida artib turdi.
Tong otganida, Xiwei charchoqdan karavot yonida o'tirgancha uxlab qoldi. Uning qo'li hali ham Linghening bilagida , uning tirikligini his qilib turish uchun ushlab turardi.
Xonaga tongning xira nuri deraza pardalari orasidan sizib kirardi. Radioda past ovozda tonggi xabarlar eshitilar, pechkadagi olov esa allaqachon so'nib, xona harorati pasaygan edi.
Linghe ko'zlarini ochganida, ilk his qilgan narsasi ko'kragidagi o'tkir og'riq bo'ldi. U qayerdaligini, nima bo'lganini eslashga urindi: portlash, ag'darilgan mashina, zulmat... To'satdan u bilagida begona qo'lning taftini his qildi. Generalning yillar davomida shakllangan jangovar instinkti darhol ishga tushdi.
U tishlarini qisib, bor kuchi bilan o'sha qo'lni ushladi va o'ziga tortdi. Xiwei qo'rqib ketganidan uyg'onib ketdi, lekin qochishga ulgurmadi — Linghe uni karavotga yaqinroq tortib, bo'g'zidan bo'g'ib olishga urindi. Uning nigohi nafrat va shubha bilan to'la edi.
– Sen kimsan? Kim yubordi seni? Hujjatlar qayerda?! — deb pichirladi Linghe xirillagan ovozda. Uning ko'zlarida qon quyilgan, yuzlari isitmadan qizargan edi.
Xiwei og'riqdan va albatta qo'rquvdan qotib qoldi. Uning qo'llari qaltirasada oʻzini anglab olishga urindi.
– To'xtang... sizga shikast yetkazmoqchi emasman, — dedi u arang nafas olib. — Men hamshiraman. Sizni yo'l chetidan topdim... Agar hozir harakat qilsangiz, choklaringiz soʻkilib ketadi.
Linghe uning yuziga, egnidagi qonga belangan oq xalatiga va xonadagi oddiy jihozlarga qaradi. Devordagi eski soat, javondagi tibbiyot kitoblari va qizning beg'ubor, lekin biroz charchagan ko'zlari unga haqiqatni ayta boshladi. U asta-sekin qizning bilagini qo'yib yubordi. Uning vujudi yana karavotga holsiz yiqildi.
Xonada og'ir sukunat cho'kdi. Linghe shiftga tikilgancha nafasini rostladi. U o'zining xavfsizlikda ekanini, lekin ayni damda yetarlicha ojizligini tushunib yetdi.
— Kechirasan , — dedi u birozdan so'ng - Vaziyat shuni talab qiladi. Meni qutqarganing uchun... rahmat. Lekin bu yerda qolishim sen uchun ham, men uchun ham xavfli.
Xiwei kaftini uqalab, o'rnidan turdi. Uning bilagida Linghening barmoq izlari qizarib qolgan edi.
— Hozircha xavf haqida o'ylamang,— dedi qiz sovuqqonlik bilan javob qaytarishga urinib. — Siz hozir hattoki eshikka qadar ham bora olmaysiz. Men sizga issiq qaxva damlab kelaman.
Keyingi ikki kun davomida Linghe deyarli gapirmadi. U Xiweining har bir harakatini kuzatardi. Qiz ertalab ishga ketar, ketishidan oldin unga dori va ovqat tayyorlab qo'yardi. Kechasi esa qaytib kelib, uning jarohatlarini tekshirar, ehtiyotkorlik bilan bog'ichlarini almashtirardi.
Bir safar Xiwei uning yarasini tozalayotganida, Linghe uning qo'llari qaltirayotganini payqadi.
— Nega bunchalik tavakkal qilding? — so'radi u kutilmaganda. — Mening kimligimni bilmaysam-ku. Balki men jinoyatchidirman?
— 1960-yilgi 'Hongqi' mashinasida jinoyatchilar yurmaydi, janob. Siz davlat odamisiz. Lekin mening nazarimda, siz shunchaki yordamga muhtoj insonsiz. Mening vazifam esa yordam berish garchi jinoyatchi boʻlsangiz ham.
Linghe ilk bor biroz yumshadi. Uning qalbida bu qishloqi qizga nisbatan qandaydir hurmat uyg'onayotgan edi.
Tashqarida tormozning ketma ket ovozi va bir nechta og'ir etik tovushlari eshitildi. Xiwei deraza pardasini bir oz chetga surib, qo'rquv bilan tashqariga qaradi: darvoza oldida uchta qora mashina to'xtagan, ulardan egniga bir xil kulrang paltolar kiygan, boʻyi odatdagian balandroq boʻlgan erkaklar tushib kelishardi.
— Ular... ular qurollangan!— dedi Xiwei orqaga tisarilib.
Linghe bazo'r o'rnidan turib, devorga suyandi. Uning yuzi oqarib ketgan, peshonasidan sovuq ter quyilardi, lekin nigohi har qachongidan sovuqroq edi. U derazadan kelganlarga bir qur ko'z tashladi-yu, chuqur tin oldi. Uning odamlari. Sodiq qo'riqchilari uni topishgan edi.
Eshik shiddat bilan ochildi. Bir guruh askarlar xonaga bostirib kirishdi va Lingheni ko'rgan zahoti tiz cho'kib, harbiycha salom berishdi.
"General! Sizni topganimizdan baxtiyormiz! Mashinalar tayyor, zudlik bilan poytaxtga qaytishimiz kerak, xavf hali bartaraf etilmagan."
Xiwei burchakda qaltirab turardi. U hayotida birinchi marta o'zi qutqargan odamning naqadar qudratli ekanini his qildi. Endi u qizning koʻzida oddiy yarador bemor emas, balki butun boshli qo'shinga buyruq beruvchi General edi.
Askarlar Lingheni suyab, tashqariga olib chiqa boshlashdi. Linghe mashina eshigi oldida to'xtadi. U og'riqqa qaramay, ortiga — o'zining eski oq xalatida, qo'llarini bir-biriga havotirlanganicha qisib turgan Xiweiga qaradi. Atrofdagi askarlarning hayratli nigohlariga parvo qilmay, u qizning yoniga yaqinlashdi.
Linghe uning ko'zlariga juda yaqin keldi. Uning nigohidagi boyagi sovuqqonlikdan asar ham qolmagan, uning o'rnini tushunarsiz bir g'amginlik va minnatdorlik egallagan edi.
— Xiwei — dedi u biroz muloyimlik bilan . — Sen nafaqat mening hayotimni, balki butun xaqlning hayotini qutqardig.Hozir sen bilan qolishni juda istarsim , ammo qolsam bu yer sen uchun xavfli bo'lishi mumkin.Lekin eslab qol...
U qo'lini cho'zib, qizning yuzidagi bir tola sochni ehtiyotkorlik bilan qulog'ining ortiga o'tkazdi.
— Men albatta qaytib kelaman. Ishlarimni bitirib, seni o'zim bilan olib ketish uchun kelaman. Buni shunchaki so'z emas, bu Generalning va'dasi deb qabul qil.
Linghe mashinaga o'tirdi. Motor shovqini ostida qora "Hongqi"lar chang ko'chalardan uzoqlashib ketdi. Xiwei uzoq vaqt yo'l chetida qarab turdi. Uning qo'lida Linghe ketishidan oldin bergan kichik, kumushrang nishon qolgan edi — bu uning qaytishiga bo'lgan yagona garov edi
Poytaxtdagi hayot shiddatli davom etardi . Linghe qaytganidan so‘ng, uning atrofi yana siyosiy fitnalar, harbiy kengashlar va dushmanlar bilan to'ldi. U o'ziga xos sovuqqonlik bilan unga xiyonat qilganlarni birin-ketin aniqladi. Har bir hujumga keskin javob berar, uning ismi dushmanlari qalbida qo'rquv uyg'otardi.
Biroq, bu temir irodali odamning ichida hech kim bilmaydigan bir bo'shliq paydo bo'lgan edi.
Linghe shu yoshga kirguncha ayollarga nisbatan hech qanday qiziqish bildirmagan. Uning uchun hayot faqat xaritalar, qurol-yarog'lar va strategiyalardan iborat edi. Go'zal saroy xonimlari, yuqori martabali amaldorlarning qizlari uning e'tiborini tortish uchun qancha urinishmasin, Linghe ularga xuddi tosh haykaldek munosabatda boʻlardi.
Ammo endi... hammasi o'zgardi.
U hashamatli kabinetida o'tirganida, derazadan tomayotkan yomg'irga qarab, beixtiyor o'sha kichik uyni eslardi.
Xonadagi o'sha achchiq dori va quritilgan o'tlar hidi...
Xiweining bintlarni ehtiyotkorlik bilan o'rayotganda xis qilgan issiq taft barmoqlari...
Uning qo'rquv aralash, lekin qat'iyatli nigohi...
Kechalari Linghe uyqusizlikdan qiynalishni boshladi. U yumshoq va ipak choyshabli karavotida yotganida ham Xiweining eski va qattiq boʻlsada xotirjamlik beradigan karavotini qumsardi. Uning sovuq qalbi o'sha qizning taftini izlardi.
— Nega aynan u? — deb o'yladi Linghe o'ziga-o'zi savol berib. — U na zodagon, na siyosatchi. Oddiygina bir qishloq hamshirasi... Lekin u meni 'General' deb emas, shunchaki 'inson' deb qutqardi. Hammasi balki shu voqeadan boshlangandir. Bilamanki hech biri shunchaki tasodif emas.
Har kuni ertalab yuvinayotkan vaqti oynada o'zining jiddiy yuziga qarab, Xiweining unga choy uzatgan lahzasini eslardi. Uning hayotidagi barcha g'alabalar, barcha unvonlar Xiweining o'sha oddiygina " Siz sog'ayishingiz kerak "degan gapining oldida o'z qadrini yo'qotgandek edi.
Oradan oylar o'tdi. Linghe barcha dushmanlarini yengdi, o'z mavqeini mustahkamladi. Endi uning oldida hech qanday to'siq qolmagan edi.
— Tayyorgarlik ko'ring. Biz shimolga, o'sha tog'li qishloqqa boramiz. - dedi Linghe qoʻriqchilarga qarata lablariga kichik tabassum ilib.
Shimolning sovuq shamoli Linghening yuziga urilar, ammo uning qalbida mislsiz bir hayajon bor edi. U umrida birinchi marta harbiy g'alaba uchun emas, oddiy bir insonning diydori uchun oshiqayotgan edi. Qora "Hongqi" tog' yo'llaridan o'tib, tanish qishloqqa yaqinlashgani sayin, Linghening labida kamdan-kam ko'rinadigan samimiy tabassum paydo bo'ldi.
U mashina oynasidan Xiweining o'sha kichik, shinam hovlisini ko'rishni intizorlik bilan kutardi. Hayolida u qizga beradigan sovg'alari, uni qanday quchoqlashi va o'sha unutilmas uyni qanday qilib gullarga to'ldirishi haqida o'ylardi.
Mashina hovli darvozasi oldida to'xtadi. Linghe yordamchilarining eshikni ochishini ham kutmay, o'zi shiddat bilan tushdi. U hayajonini bosib, eshikka yaqinlashdi. Ammo u taqillatishga ulgurmay, eshik ichkaridan kuchli zarb bilan ochilib ketdi.
Xiwei eshikdan otilib chiqdi va to'ppa-to'g'ri Linghening oyoqlari ostiga yiqildi.
Generalning yuragi bir lahzaga urishdan to'xtagandek bo'ldi. Uning qarshisida o'sha beg'ubor qiz emas, balki ust-boshi yirtilgan, kiyinlari qonga belangan Xiwei yotardi. Qiz hushini yo'qotayotgan bo'lsa-da, bazo'r boshini ko'tarib, Linghening yuzini xira koʻrishga ulgurdi.
— Siz... keldingiz...— dediyu qiz xushini yoʻqotdi.
Shu payt uydan baqirib, qo'lida qonli qamchi tutgan bir kishi chiqib keldi. Bu Xiweining amakisi — chet davlatlarda yurib savdo qiladigan inson . U yillar oldin o'z farzandining kasallikdan o'lgani tufayli Xiweining tabibligini ayblab, har gal safardan qaytganda qizni ayovsiz azoblar edi.
— Yana qochyapsanmi, iflos?! Hali jazoing tugamadi! — deb baqirdi erkak , qarshisida kim turganini payqamay, qamchini yana ko'tarishga urindi.
Lekin qamchi havoda muallaq qoldi. Linghe chaqmoqdek tezlik bilan erkakning bilagidan ushladi. Qattiq qisilgan barmoqlardan qisirlagan ovoz chiqa boshladi.
— Sen... kimsan?! Mening ishimga aralashma! — deb baqirdi erkak og'riqdan.
Linghe erkakni bir siltash bilan yerga qulatdi va uning ko'kragiga og'ir etiklari bilan bosdi. Atrofdagi askarlar darhol qurollarini erkakka qaratishdi.
— Men , u qutqargan insonman — dedi Linghe dagʻal ovozini buzmay . — Sen esa... dunyodagi eng katta xatoni qilding. Mening hayotimni saqlagan qo'llarga ozor berding.
Linghe egilib, Xiweini ehtiyotkorlik bilan bag'riga bosdi. Qizning yengil va jonsiz tanasini ko'targanda, Generalning ko'zidan bir tomchi yosh oqib tushdi.
— Eng yaxshi doktorlarni qoʻrgʻonga chaqiring ! — deb buyruq berdi u askarlariga. So'ng o'zidan ketib yotgan qizning amakisiga qarab, sovuq ohangda qo'shib qo'ydi: — Buni esa olib keting. O'lim u uchun juda yengil jazo bo'ladi. U qilgan har bir zarbasi uchun ming barobar battar javob beradi.
Linghe Xiweining yuzidagi qonlarni artib, uni bag'riga qattiqroq bosdi.
— Kechir meni, Xiwei... Kech qoldim. Lekin endi hech kim senga barmoq tegiza olmaydi. Hech qachon.
Qora "Hongqi"lar qishloqni tark etarkan, bu safar Linghe qizni o'lim changalidan qutqarib, o'zining dunyosiga qiz doim xavfsiz boʻla oladigan joyga olib ketayotkan edi.
Poytaxtdagi Generalning shaxsiy qarorgohi. Bu yerda hamma narsa eng oliy darajada edi — shoyi pardalar, yumshoq gilamlar va havoda taralayotgan eng qimmatbaho dorilarning hidi. Xiwei uch kun davomida og‘ir isitma va jarohatlar bilan hushsiz yotdi. Eng yaxshi shifokorlar uning tepasida tunu kun parvona bo‘lishdi, lekin Linghe ularning hech biriga ishonmasdi. U o‘zi qizning yonidan bir qadam ham jilmadi.
Uchinchi kuni tongda, quyosh nurlari xonani yoritganida, Xiwei asta ko‘zlarini ochdi. U o‘zini jannatga tushib qolgandek his qildi — atrof shunchalik go‘zal va tinch edi. U yonida kursida o‘tirgancha, uning qo‘lini mahkam ushlab uxlab qolgan Lingheni ko‘rdi. Generalning yuzi charchoqdan bir oz oqargan, lekin u hatto uyqusida ham qizni qo‘yib yuborishni xohlamasdi.
Xiwei sekingina qo‘lini qimirlatganida, Linghe darhol hushyor tortdi. Uning ko‘zlari qizning nigohi bilan to‘qnashdi.
— Xiwei... Uyg‘ondingmi? — uning ovozi hayajondan titrab chiqdi.
Qizning ko‘zlaridan yoshlar quyilib kela boshladi. U amakisining qamchisi, o‘sha sovuq yer va o‘lim vahimasini esladi. Ammo hozir u xavfsiz edi. U bazo‘r qo‘lini ko‘tarib, Linghening yanoqlari atrofida aylantirdi.
— Rahmat... Meni o‘sha jahannamdan olib chiqib ketganingiz uchun rahmat, — deb pichirladi u yig‘i aralash. — Men sizni qaytmaydi deb o‘ylagan edim...
Linghe qizning kaftini o‘pib, uni ko‘ksiga bosdi. Uning ko‘zlarida ham yosh qalqidi — bu temir irodali General hayotida birinchi marta yig‘layotgan edi.
— Seni o‘sha yerda qoldirganim uchun o‘zimni hech qachon kechirmayman, — dedi u qat’iyat bilan. — Lekin endi hech kim senga qo‘l ko‘tara olmaydi. Sen mening hayotimning manosisan seni asrab avaylash endi mening vazifam.
Linghe cho‘ntagidan o‘sha kuni qizning qo‘lida qolgan kumush nishonni va uning yoniga qo‘shib yasalgan olmos uzukni chiqardi. U Xiweining qarshisida tiz cho‘kdi. Bu butun boshli qo‘shinni boshqaradigan odam uchun tasavvur qilib bo‘lmas holat edi, lekin u hozir faqat sevgisiga ta’zim qilayotgan edi.
— Xiwei, men urushlarni ko‘rdim, o‘limni ko‘rdim, lekin hech qachon sendek pok va jasur qalbli insonni ko‘rmadim. Men seni butun dunyodan, dushmanlardan va qayg‘ulardan himoya qilmoqchiman. Mening rafiqam bo‘lishga rozi bo‘lasanmi? Bu General sening poyingda butun umr tiz choʻkishga tayyor.
Xiwei baxtdan entikib ketdi. Uning amakisi bergan jarohatlar hali og‘risa-da, qalbidagi sevgi barcha og‘riqlarni yuvib ketgandek edi .U Lingheni bag‘riga tortdi.
— Ha... Ming marta ha! — deb javob berdi u.
Oradan ko‘p o‘tmay, poytaxtda 1960-yillning eng unutilmas to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. General Linghe va uning hayotini saqlab qolgan oddiy hamshira qizning sevgisi haqida afsonalar yurardi. Ular nafaqat afsonaviy juftlik balki bir birini qalbini davolagan ikki inson sifatida odamlarning xotirasida qoldi.